Jahon | 20:23
2509
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp yana Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini bombalash bilan tahdid qildi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eron rahbariyatiga murojaat qilib, ularni «aqldan ozgan ablahlar» deb atadi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish yo‘lini ochishni talab qildi.

«Seshanba Eronda bir vaqtning o‘zida Elektr stansiyalar kuni va Ko‘priklar kuni bo‘ladi. Bunaqasini hali ko‘rmagansiz!!! Aqldan ozgan ablahlar, la’nati [uyatli so‘z] (originalida – fuckin strait ) bo‘g‘ozni oching, aks holda do‘zaxga ravona bo‘lasizlar. Buni ko‘rasiz!» – deyiladi uning postida.

O‘z postini u «Allohga hamd bo‘lsin» iborasi bilan yakunlagan.

Yakshanba kuni Fox News uchun bergan intervyusida Tramp dushanba kuni, o‘zi tomonidan o‘rnatilgan muhlat tugashidan oldinroq Eron bilan kelishuv tuzish uchun «yaxshi imkoniyat» bo‘lishi haqida fikr bildirgan.

«O‘ylaymanki, ertaga yaxshi imkoniyatlar bor, hozir muzokaralar olib borilmoqda. Agar ular bitim tuzishmasa va buni tezda amalga oshirishmasa, men hamma narsani portlatib, neftni qo‘lga kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdaman», – degan u.

4 aprel kuni Tramp Eronga navbatdagi bor ultimatum qo‘yib, Tehronda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun ikki kun qolayotganini aytgandi.

«Yodingizda bo‘lsa, men kelishuv tuzish yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun Eronga o‘n kun vaqt berganman. Vaqt tugamoqda – ularning boshiga do‘zax kuni tushishiga 48 soat qoldi», – deya yozgandi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

U Eronning yangi rahbariyatini zudlik bilan harakat qilishga chaqirib, aks holda mamlakatdan «hech vaqo qolmasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

Amerika rahbari Eronga birinchi marta 21 mart kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun 48 soat muhlat bergandi. O‘shanda u mazkur muddat tugashi bilan AQSh Eronning eng yirik elektr stansiyalarini yo‘q qilishini aytgandi.

Voqealar rivoji quyidagicha kechdi:

  • 21 mart kuni Tramp agar Eron 48 soat ichida bo‘g‘ozni ochmaydigan bo‘lsa, «elektr stansiyalariga zarba berilishi va yo‘q qilinishi, hujum eng yiriklaridan boshlanishi»ni ma’lum qildi;
  • Ikki kun o‘tib u tomonlar o‘rtasida «juda yaxshi va samarali muzokaralar» bo‘lib o‘tayotganini aytib, energetika infratuzilmalariga zarba berishni besh kunga kechiktirdi;
  • 27 mart kuni Tramp «Eron hukumati iltimosi bilan» energetika obektlariga zarba berishni 10 kunga kechiktirib, 6 aprelni so‘nggi muddat etib belgiladi;
  • Ushbu muddat yaqinlashayotganida, shanba kuni u Eronda 48 soat qolayotgani haqida ogohlantirdi. Tramp yakshanba kungi haqoratomuz postida ushbu tahdidini takrorladi.

Erondagi strategik ko‘priklar, elektr stansiyalari, neft obektlari, Xark oroli va hatto suvni chuchuklashtiruvchi qurilmalar AQShning navbatdagi nishonlari sifatida ko‘rilmoqda.

Eron qurolli kuchlari generali Ali Abdullohi Aliabodi Trampning ultimatumini «chorasiz, asabiy va ahmoqona harakat» deb atadi. 

General bevosita Trampga yuzlanib, uning tahdidlarini o‘ziga qaytardi. «Bu xabarning asl ma’nosi shuki, jahannam eshiklari aslida siz uchun ochiladi», – dedi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid