Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp to‘pni Zelenskiyga uzatdi. U yon berishga majbur bo‘ladimi?
Trampning aytishicha, urushning kelajagi endi Zelenskiyga bog‘liq. U dushanba kuni Ukraina prezidentini Oq uyda kutyapti. Xo‘sh, AQShdan yana bosim bo‘lgan taqdirda, Ukraina yon berishga majbur bo‘lishi mumkinmi? Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar Bektosh Berdiyev va Alouddin Komilov bu borada turlicha fikrga ega.
Tramp va Putin uchrashuvidan keyingi dastlabki xulosalar bilan Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Bektosh Berdiyev va Alouddin Komilov mehmon bo‘ldi.
Bektosh Berdiyev: AQShning pozitsiyasi aniq, Rossiyaning shartlari ham ma’lum. Zelenskiy masalasida Moskva boshidanoq qat’iy pozitsiyada turgan. Lekin Donald Trampning yondashuvi qanday bo‘lishini hali bilmaymiz. Chunki u faqat Zelenskiyga emas, Putinga ham, hatto butun dunyoga shart qo‘yishga qodir bo‘lgan imkoniyat va vakolatga ega siyosatchi sifatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Trampning siyosatidagi eng muhim jihat – o‘ta o‘zgaruvchanligi. Bugun aytgan so‘zi ertaga o‘zgarishi va hattoki butunlay teskarisiga aylanishi mumkin. Shu sababli u Zelenskiyga ham turli takliflar yoki bosim shaklidagi shartlarni qo‘yishi ehtimoldan xoli emas. Masalan, u shunday deyishi mumkin: “Men sen uchun Putin bilan uchrashdim, Yevropaga bosim o‘tkazdim, lekin sen iroda ko‘rsatmasang, buning ma’nosi yo‘q, endi sen ham Putin bilan kelishishing kerak”.
Bu – Zelenskiy uchun nihoyatda murakkab vaziyat. Chunki u avvaldan “Ukrainaning bir qarichini ham bermayman” deb qat’iy pozitsiya bildirgan. Aslida ham uning imzo qo‘yishga vakolati cheklangan, chunki Ukrainada kuchli fuqarolik jamiyati mavjud. Kim hudud bo‘yicha murosaga imzo qo‘ysa, ertami-kechmi sud oldida javob berishi aniq. Shu sababli Zelenskiy bunday shartlarni qabul qilishi oson emas.
Hozircha qanday shartlar qo‘yilishi noma’lum, lekin Tramp albatta Zelenskiy bilan bevosita va batafsil muloqotga kirishadi. Bu muloqotning qanchalik keskin yoki yumshoq bo‘lishi esa keyingi siyosiy jarayonlarga bog‘liq.
Alouddin Komilov: Men bu masalada biroz boshqacha fikrdaman. Avvalo, Ukraina siyosiy tizimi Rossiyadan keskin farq qiladi. U yerda fuqarolik jamiyati hali juda kuchli emas, ammo rivojlanib boryapti. Shunga qaramay, AQSh hech qachon Ukrainani o‘ziga teng davlat sifatida ko‘rmagan va bundan keyin ham ko‘rmaydi. Ular ko‘plab masalalarda Ukrainaga quloq soladi deb o‘ylamayman. Xalqaro munosabatlarda sud yoki bosim mexanizmlari bo‘lishi mumkin, lekin Amerika odatda hatto katta ittifoqchilarini ham ko‘p masalalarda tinglamaydi.
Masalan, 1979 yilda Eronda shoh tuzumi ag‘darilgach, uning oilasi AQShda panoh topdi. Yoki Turkiya NATOda Amerikadan keyingi eng kuchli davlatlardan biri. Lekin hozirgi hukumatning oppozitsion yetakchilari Amerikada yashaydi. Turkiya uni qaytarishni necha bor talab qilgan bo‘lsa-da, AQSh bermadi. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, AQSh o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi va ittifoqchilari bosimiga ham bo‘ysunmaydi.
Xuddi shunday vaziyat Ukrainaga ham tatbiq etilishi mumkin. Masalan, Tramp hududlar almashish yoki muzokaralar haqida gapirsa, bu aslida siyosiy bosimning bir shakli. “Qurol bermaymiz, yordamni qisqartiramiz, sen esa shartlarga ko‘nishing kerak” degan yondashuv paydo bo‘lishi mumkin. Yevropa ham, Amerika ham Zelenskiyga turli narrativlar orqali bosimni kuchaytiryapti. Bunga qo‘shimcha ravishda, Ukrainada ichki bosim ham ortmoqda. Yaqinda ukrainlar orasida bo‘lib o‘tgan so‘rovnomalarga ko‘ra, urushni davom ettirish tarafdorlari 70 foizdan 27 foizga tushib ketgan. Bu esa Zelenskiy uchun og‘ir sinov. Endi ko‘p narsa uning xarakteri, qat’iyati va bosimlarga dosh bera olishiga bog‘liq. Ukraina hududiy yaxlitligini saqlab qolishi ham, kelajagi ham prezidentining iroda va qarorlariga chambarchas bog‘langan.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:59 / 27.12.2025
🔴 LIVE: Tinchlik muzokaralari burilish nuqtasidami? | "Geosiyosat"
14:06 / 27.12.2025
OAV: AQSh ishchilar sinfi orasida Tramp reytingi rekord darajada tushib ketdi
09:26 / 27.12.2025
Zelenskiy: Belarus Rossiyaga Ukraina havo mudofaasini chetlab o‘tishga yordam beryapti
09:02 / 27.12.2025