O‘zbekiston | 11:36
5567
5 daqiqa o‘qiladi

14 ta soxta YTH va “jabrdiyda” Malibu’lar: Toshkentda sug‘urta firibgarligi sxemasi fosh qilindi

Uch kishi jinoiy reja tuzib, soxta YTHlar va qalbaki hujjatlar orqali sug‘urta tashkilotlaridan sug‘urta to‘lovlarini olib kelgan. Uyushgan guruh 14 ta epizodning 8 tasida bu ishni uddalagan: sug‘urta kompaniyalaridan jami 110 mln so‘mga yaqin mablag‘ sug‘urta tovoni sifatida olingan.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

O‘zbekiston sug‘urta bozorida soxta YTHlarga asoslangan uyushtirilgan sug‘urta firibgarligi sxemasi aniqlandi. Kun.uz o‘rgangan sud hukmiga ko‘ra, bir guruh shaxslar muntazam ravishda YTHlar bo‘yicha soxta hujjatlar tayyorlab, sug‘urta to‘lovlarini olib kelgan.

Reja

Ushbu jinoyat 3 kishi – 30 yoshli A.A., 21 yoshli S.A. va 24 yoshli Z.Y. tomonidan sodir qilingan. Ular tegishli vazifa va rollarini o‘zaro taqsimlab olishgan.

Uyushgan guruhga A.A. rahbarlik qilgan. U guruh ishiga yangidan jalb etilayotgan boshqa shaxslarga vazifalar belgilash, sodir etilishi ko‘zda tutilgan soxta YTHlarni oldindan rejalashtirish, YTH to‘g‘risida xabarnoma, “yevroprotokol” blankalarini va aloqador hujjatlarni qalbaki ravishda soxta ma’lumotlar asosida to‘ldirish hamda sug‘urta tashkilotiga taqdim etish, sug‘urta tovonlarini undirib olish kabi vazifalarni bajargan.

Z.R. va S.A. esa guruh tomonidan soxtalashtirilgan tarzda uyushtirilgan YTHlarda jabrlanuvchi yoki huquqbuzar sifatida ishtirok etish, har bir epizodda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etishi lozim bo‘lgan yangi shaxslarni jalb etish va YTHda mashinalarni topish vazifalarini o‘zaro taqsimlab olishgan.

Jinoiy sxema

Epizodlarda asosan 2 ta mashina “jabrlanuvchi” sifatida ishtirok etgan: davlat raqami 01 L 368 AC bo‘lgan oq rangli Malibu hamda davlat raqami 01 S 897 MS bo‘lgan qora rangli Malibu.

A.A. va sheriklari ushbu mashinalar ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida yozuvlar kiritgan holda rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishgan. So‘ngra soxtalashtirilgan hujjatlarni sug‘urta kompaniyalariga taqdim etgan holda sug‘urta tovoni undirishgan. Qo‘lga kiritilgan pullarni esa o‘zaro taqsimlab olishgan.

Masalan, 2024 yil 15 yanvar kuni soat 1:00 da Yashnobod tumani, Tuzel qo‘rg‘oni ko‘chasida davlat raqami 01 L 368 AC bo‘lgan Malibu hamda Tracker mashinalari ishtirokida YTH bo‘lgani haqida soxta hujjatlar tayyorlashgan. Keyin ushbu hujjatlarni sug‘urta kompaniyasiga taqdim etishgan. Bu orqali Malibu haydovchisi foydasiga sug‘urta tovoni sifatida 13 mln 758 ming so‘m undirib olishgan.

Yoki 2024 yil 21 fevral kuni soat 19:20 da Toshkent viloyati, Parkent tumani, Zarkent qishlog‘ida davlat raqami 01 L 368 AC bo‘lgan Malibu hamda VAZ 31514 mashinalari ishtirokida YTH bo‘lgani haqida rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishgan. Keyin ushbu soxta hujjatlar asosida sug‘urta kompaniyasidan Malibu haydovchisi foydasiga 14 mln so‘m olishgan.

Zarar miqdori

Sudlanuvchilar 14 ta epizodning 8 tasida bu ishni uddalashgan: ular sug‘urta kompaniyalaridan jami 110 mln so‘mga yaqin mablag‘ni sug‘urta tovoni sifatida olishga erishgan. 6 ta epizodda esa jinoiy maqsadlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olishmagan.

Jazo

Sudlanuvchilar o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmi bilan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “v” bandi, 25,168-moddasi 4-qismi “v” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a,b” bandlari va 228-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Ularning har biriga BHMning 305 baravari (103 mln 700 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Tahririyat: Sahnalashtirilgan YTHlarda “shunchaki ishtirokchi” sifatida qatnashish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Agar shunday takliflarga duch kelsangiz yoki guvoh bo‘lsangiz, darhol 102 raqami orqali ichki ishlar organlariga xabar bering.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid