Jamiyat | 17:56 / 01.10.2018
11863
3 daqiqa o‘qiladi

Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni vaqtincha hisobga olish joyi bo‘yicha “mahalladan” olish mumkin bo‘ladi

Foto: UzA

Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomga tegishli tuzatishlarni Adliya vazirligi ishlab chiqmoqda. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz,  yuqorida ko‘rsatilgan Nizom fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan:

• 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa;
• bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa;
• kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam  tayinlash va to‘lash tartibini tartibga soladi.
 
Bunda ishlayotgan onalarga bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa mahallalar orqali tayinlanadi, basharti ular byudjyet sohasida ishlasalar. Qolgan xodimlarga mazkur nafaqalarni korxonalar o‘z mablag‘laridan to‘laydi.
 
Ariza beruvchining muhtojligi darajasi nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun asosiy mezon hisoblanadi. Uni aniqlash va to‘lash (yoki to‘lashni rad etish) to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun  mahallada 12 oy muddatga kamida 5 kishidan iborat maxsus komissiya tashkil etiladi.
 
Nizomning 12-bandiga asosan bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash (ro‘yxatdan o‘tish) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tayinlanadi. Agar tuzatishlar tasdiqlansa, keltirilgan ijtimoiy yordam turlarini vaqtincha yashash yoki hisobga olish joyi bo‘yicha olish mumkin bo‘ladi.
 
“Inson huquqlari bo‘yicha onlayn murojaatlar” aksiyasi chog‘ida fuqarolardan tushgan takliflarni o‘rganish natijasida bunday o‘zgartirishlar tashabbusi bilan chiqildi.
 
Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan. QHTBT portalida loyiha e'lon qilinganidan keyin mazkur sharh to‘ldirilishi yoki unga tuzatish kiritilish mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid