Iqtisodiyot | 20:55 / 29.08.2025
16015
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim vazirligi 5 ta xususiy universitetning qo‘shimcha litsenziyasini xatoga chiqardi. Adliya vazirligi xatolik bo‘lganini rad etdi

29 avgust kuni 5 ta xususiy universitet faoliyatini kengaytirishga litsenziya oldi, lekin Oliy ta’lim vazirligi bunga “Lisenziya” axborot tizimidagi texnik nosozlik sabab bo‘lganini aytib chiqdi. Adliya vazirligi nosozlik bo‘lganini rad etdi. Oliy ta’lim vazirligi OTMga berilgan litsenziyani “texnik xatolik” deb qaytarib olishi avval ham kuzatilgan.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 5 ta xususiy universitetga faoliyatini kengaytirish uchun ruxsat berilganini “texnik nosozlik” oqibati deb e’lon qildi. Adliya vazirligi esa tegishli tizimda nosozlik bo‘lganini rad etdi.

Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, 29 avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli, ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.

“Mazkur holat texnik xatolik hisoblanib, hozirda uning sabablari tegishli idoralar bilan hamkorlikda chuqur o‘rganilmoqda. Yakuniy xulosalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot jamoatchilikka taqdim etiladi”, – deyiladi bayonotda.

Lekin Adliya vazirligi yuqoridagi iddaoni rad etdi.

“Lisenziya” axborot tizimi (license.gov.uz)da texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagan va tizim shtat rejimida ishlab turibdi”, – deyiladi adliya organi bayonotida.

Qonunga ko‘ra, Adliya vazirligi – vakolatli organlar tomonidan litsenziyalash tartibiga qanchalik rioya etilayotganini o‘rganib borish vakolatiga ega.

Gap qaysi OTMlar haqida ketyapti?

Oliy ta’lim vazirligi quyida nomlari keltirilgan ta’lim tashkilotlariga yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ta’lim shakllari va faoliyat manzillari bo‘yicha qabul jarayonlarini tashkil etish uchun 29 avgust kuni hech qanday ruxsat berilmaganini aytmoqda:

  • “University of Business and Science” MChJ – masofaviy ta’lim shakllariga;
  • “Osiyo xalqaro universiteti” MChJ – ayrim masofaviy ta’lim shakllariga hamda Xorazm viloyati, Urganch shahridagi yangi faoliyat manziliga;
  • “Iqtisodiyot va pedagogika universiteti” NTM – tibbiyot yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari, masofaviy ta’lim shakllari hamda Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi yangi faoliyat manziliga;
  • “Sharq-University” MChJ – bank ishi, buxgalteriya hisobi ta’lim yo‘nalishlari va barcha kechki va masofaviy shakllarga;
  • “Profi University” MChJ – yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi, masofaviy shakl va barcha magistratura mutaxassisliklariga.

“Shu sababli, mazkur tashkilotlar tomonidan yuqoridagi yo‘nalishlar, mutaxassisliklar, ta’lim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha e’lon qilinayotgan ma’lumotlar asossiz hisoblanadi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Bu birinchisi emas

Xususiy oliy ta’lim litsenziyasi bilan bog‘liq bunday holat avval ham kuzatilgan.

Xususan, “Abu Rayhon Beruniy universiteti” NTM 2024 yil 21 avgust kuni litsenziya olgan. Lekin oradan bir oy o‘tib, 25 avgust kuni Oliy ta’lim vazirligi bu litsenziyani “texnik nosozlik sababli xato berilgan” degan vaj bilan uni bekor qilish haqida sudga ariza kiritilganini ma’lum qilgandi. Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2024 yil 19 noyabr kuni da’voni ko‘rib chiqib, vazirlikning arizasini rad etgan, ya’ni sudda xususiy universitet yutib chiqqan va litsenziyasini saqlab qolgan.

Vazirlik – ham bozordagi o‘yinchi, ham regulyator

O‘zbekistonda Oliy ta’lim vazirligi davlat oliygohlarining aksariyatini nazorat qilish bilan bir vaqtda, xususiy OTMlarni litsenziyalovchi organ ham hisoblanadi.

“Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”ga qonunning 14-moddasiga binoan, litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda nodavlat OTMlar faoliyati uchun yangi talablar e’lon qilingan edi. Iqtisodchilar esa xususiy universitetlar ustidan nazoratning kuchayishiga tanqidiy nazar bilan qaraydi.

Mavzuga oid