Jamiyat | 11:45
7542
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda xususiy bog‘cha vafot etgan bolalarni tarbiyalanuvchi sifatida ko‘rsatib, subsidiya o‘zlashtirdi

Er-xotin tadbirkorlar Shovot tumanida ikkita nodavlat bog‘cha tashkil qilib, maxsus onlayn platformaga soxta ma’lumotlarni yuklagan: ushbu bog‘chaga kelmaydigan bolalar tarbiyalanuvchi sifatida ko‘rsatilgan. Hatto vafot etgan bolalar ham ro‘yxatga kiritilgan. Ular bu orqali davlat budjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirib kelishgan.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Xorazmda subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirgan nodavlat bog‘cha mansabdorlari jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1965 yilda tug‘ilgan Z.Yu. Shovot tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari lavozimida ishlab kelgan. U 2019 yil 6 mayda Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida bitim tuzgan.

Z.Yu. 2023 yilda 12 nafar, 2024 yilda 19 nafar, 2025 yilda 12 nafar ushbu nodavlat bog‘chaga kelmagan bolalarni go‘yoki tarbiyalanuvchi sifatida ko‘rsatgan. U hatto 2 nafari vafot etgan bolani ham ro‘yxatga kiritgan hamda maxsus onlayn platformaga soxta ma’lumotlarni yuklagan. Bu orqali 70 mln so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishgan. Ushbu pul mablag‘larini esa o‘z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Shuningdek, Z.Yu. 2021 yil 14 fevralda Shovot tumanida turmush o‘rtog‘i R.A.ning nomiga oilaviy bog‘cha tashkil qilgan. 2022 yil 30 avgustda Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida bitim tuzishga erishgan. Er-xotin 2023 yilda 15 nafar, 2024 yilda 38 nafar haqiqatda ushbu oilaviy bog‘chaga qatnamagan hamda 2 nafar vafot etgan bolani tarbiyalanuvchi sifatida ko‘rsatgan. So‘ngra maxsus onlayn platformaga soxta ma’lumotlar yuklab, 91 mln so‘m subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Sudlanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan aybga qisman iqror bo‘lishgan. Ularning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, mutaxassislarning tekshiruv ma’lumotlari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Xususan, sudda guvoh sifatida so‘ralgan ota-onalar haqiqatan farzandlarini ushbu bog‘chalarga berishmagani, hatto bu xususiy bog‘chalar qayerda joylashganini ham bilishmasligi haqida ko‘rsatma berishgan.

JIB Gurlan tuman sudining hukmi bilan sudlanuvchilar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan. Z.Yu. va R.A.ga 1 yil davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, er-xotindan yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida solidar tartibda davlat foydasiga jami 161 mln so‘m undirish belgilangan.

Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2026 yil 20 yanvardagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi va apellyatsiya ajrimi o‘zgarishsiz qoldirildi.  

Mavzuga oid