Jamiyat | 19:24 / 06.04.2017
8550
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar uchun litsenziyalarni onlayn tarzda olish imkoni yaratildi

Bugun, 6 aprel kuni Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalashda interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi jarayonlar avtomatlashtirilgan «Lisenziya» axborot tizimlari majmuining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tadbir tashkilotchilari bo‘ldi.  «Taraqqiyot strategiyasi» markazi esa tadbir hamkori.

Loyiha doirasida Elektron litsenziyalash portali yaratilib, u internet tarmog‘ida license.gov.uz manzilida ishlaydi. Ayni damda tadbirkorlar bu portal orqali 40ta faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun elektron shaklda ariza topshirishlari mumkin. 

Shuningdek, ushbu arizalarni ko‘rib chiqish, kuzatib borish, litsenziyalash va ruxsatnomalar berish jarayonlarini ham avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish imkoni mavjud. 

Hozirda “Lisenziya” axborot tizimlari majmui tadbirkorlarga transport, arxitektura va qurilish, birja, ko‘chmas mulk, savdo, tibbiyot, dorixona, ta'lim, madaniyat, sport, turizm va reklama kabi sohalarda faoliyat olib borishlari uchun litsenziyalarni elektron ko‘rinishda taqdim etmoqda.  
  
“Lisenziya” axborot tizimlari majmui 2017 yil davomida barcha ruxsatnomalar beruvchi davlat idoralarida bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan. 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab esa ruxsatnomalar berish jarayonlari avtomatlashtiriladi. Lisenziya olish uchun zarur hujjatlar elektron tizim orqali olinadi. 

Mazkur yangilikning joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyatini rivojlantiribgina qolmay, vaqtni tejab, ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozlikning oldini oladi hamda kerakli litsenziyani o‘z vaqtida, oson yo‘l bilan qo‘lga kiritishga imkon yaratadi.

Mavzuga oid