Ko‘chmas mulk | 17:25 / 27.10.2025
12035
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish qoidalarini buzgani uchun «Dream House Design» MChJning litsenziyasi bekor qilindi

«Dream House Design» tomonidan ishlab chiqilgan loyiha shaharsozlik normalari va qoidalariga zid bo‘lgani sababli kompaniyaning litsensiyasi vaqtinchalikka to‘xtatilgan. Belgilangan muddatda ham kamchiliklar tuzatilmagan. Natijada Qurilish vazirligining da’vosi bilan «Dream House Design»ga berilgan litsenziya bekor qilinib, reyestrdan chiqarildi.

Foto: Kun.uz

Shaharsozlik normalari va qoidalariga zid ishlab chiqilgan loyiha uchun «Dream House Design» korxonasining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Qurilish vazirligi xabar berdi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining tegishli taqdimnomasi asosida korxona faoliyatida bir qator kamchiliklar aniqlangan. Natijada tashkilotga nisbatan tegishli choralar ko‘rish masalasi ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, 2024 yil 21 fevralda Olmazor tumanining Farobiy va Hurriyat ko‘chalarida yashovchi fuqarolardan vazirlikka murojaatlar kelib tushgan. Unda fuqarolar «Glorious Chigatoy» korxonasining qurilish ishlari va «Dream House Design» ishlab chiqqan loyiha hujjatlaridan norozi ekanliklarini bildirgan. O‘rganishlarda pastki qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari bo‘lgan biznes markazi va avtoturargoh majmuasi loyihasi shaharsozlik normalari va qoidalariga zid tarzda ishlab chiqilgani aniqlangan. Xususan, loyihada binolar o‘rtasidagi masofa va quyosh nuri tushishini ta’minlash (insotlyatsiya) hamda qo‘shni mulk egalari bilan kelishish talablari e’tiborga olinmagan.

Natijada Qurilish vazirining tegishli buyrug‘i bilan litsenziya 10 kunga to‘xtatilib, kompaniyaga bunga sabab bo‘lgan holatlarni bartaraf etishi uchun muddat berilgan. Biroq lisenziat o‘z vaqtida kamchiliklarni tuzatmagan.

Vazirlik «Dream House Design» litsenziyasini vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan. Sudning 2024 yil 18 iyuldagi hal qiluv qaroriga muvofiq kompaniya litsenziyasining amal qilishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Biroq «Dream House Design» qonunbuzarliklarni belgilangan muddatda bartaraf etmagani bois Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 11 sentabrdagi qarori bilan 2021 yil 13 martda unga berilgan 071935-sonli (IV-toifa) litsenziya bekor qilindi hamda litsenziyalar reyestridan chiqarilgan.

Mavzuga oid