Jahon | 17:26 / 11.10.2024
7292
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh Livanni G‘azoga aylantirmaslikni talab qildi

Isroil urushni cho‘zmoqchi.

Foto: Getty Images

Isroilning asosiy ittifoqchisi bo‘lmish Qo‘shma Shtatlar amalda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh»ning Livandagi pozitsiyalariga zarba berilishini qo‘llaydi, shu bilan birgalikda, tinch aholiga, ayniqsa, Bayrut va uning atrofidagi aholi zich yashaydigan hududlarda yetkaziladigan zararni minimumga tushirishni hamda bu mamlakatdagi harbiy amaliyotni G‘azodagi kabi urushga aylantirmaslikni talab qiladi.

Bu bayonot AQSh prezidenti Jo Baydenning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan so‘nggi ikki oy ichidagi ilk bor o‘tkazilgan telefon muloqotidan keyin yangradi. Bayden va Netanyahu Isroilning Eron raketa hujumiga ehtimoliy javobini, shuningdek, G‘azodagi gumanitar vaziyat va hamon Hamas qo‘lida qolayotgan garovdagilarni tezda ozod etish zarurligini muhokama qilishgan.

Bu vaqtda esa BMT Isroil jangarilar bo‘ylab zarbalarni davom ettirayotgani, mamlakat ichkarisida muhojirlik qilganlar soni 600 ming kishiga yetgani fonida Livan «halokatli» gumanitar inqirozga yuz tutayotganidan ogohlantirgan.

«Livan mojaro va halokatli ko‘lamdagi gumanitar inqiroz qarshisida qoldi», — degan BMTning Livan bo‘yicha maxsus vakili Janin Hennis-Plasshart Isroil mojaroni keskinlashtirmaslik haqidagi chaqiriqlarga quloq tutishidan umid qilib.

Livandagi gumanitar yordam bo‘yicha koordinator Imron Rizo ham mamlakat o‘zining yangi tarixidagi eng halokatli davrlardan birini boshdan kechirayotganini ta’kidlab, «hatto urushlarning ham o‘z qoidalari borligi»ni eslatgan.

Ammo Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livanda urush «G‘azoda bo‘lgani kabi uzoq davom etishi mumkinligi»dan ogohlantirgan.

Isroil shuningdek, har kuni minglab qochqinlar mamlakatni tark etish uchun havo yo‘llaridan foydalanayotganiga qaramay, Bayrut xalqaro aeroporti va unga olib boruvchi yo‘llarga hujumlar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan.

«Biz fuqarolik obektlariga zarbalar bermaymiz, ammo shu bilan birga, „Hizbulloh“ harakatlangani yoki uning Isroil bo‘ylab raketa uchirish niyatini payqasak, bunday holatda har qanday davlat qiladigan ishni qilamiz», — degan Isroilning BMTdagi doimiy vakili Denni Denon.

BMT tinchlikparvar kuchlari pozitsiyasi o‘qqa tutilishi

Payshanba kuni BMTning Livandagi tinchlikparvar kuchlari (YuNIFIL) o‘zining Livan janubidagi pozitsiyalari o‘qqa tutilishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchisi yengil tan jarohati olganini ma’lum qildi, bu hududda «Hizbulloh» va Isroil armiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.

YuNIFIL vakilining so‘zlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlarning uchta pozitsiyasi o‘qqa tutilgan. Isroil tanki kuzatuv minorasini o‘qqa tutishi tufayli BMTning ikki askari jarohatlangan, boshqa ikki pozitsiya o‘qotar qurollardan o‘qqa tutilgan, bu holatlarda hech kim jarohatlanmagan.

Avvalroq «Hizbulloh» rahbariyati o‘z jangchilari qo‘l granatomyotlarini qo‘llagan holda Isroil qo‘shinining chegaradagi hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarayotganini ma’lum qilgandi.

Isroil shimolidagi Kiryat-Shmona shahriga raketalar bilan zarba berilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, sohildagi Kesariya shahri ustida yana ikkita raketa havo hujumidan mudofaa tizimi orqali tutib qolingan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil aviazarbalari oqibatida Bayrutning janubiy-sharqiy chekkasida kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini xabar qilgan, bu hudud shu vaqtga qadar zarbalardan xoli bo‘lib qolayotgandi.

Payshanba kuni Livan bosh vaziri Najib Mikati X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qayd etishicha, BMT Xavfsizlik kengashida Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilinadigan majlis boshlanishidan oldin inqirozli holatdan chiqish yo‘lini topish va Livanda sulhga erishishga qaratilgan diplomatik faollik keskin oshgan.

«AQSh va Fransiya o‘rtasida siyosiy yechim izlashga qaytish uchun sulh bitimini ma’lum muddatga yangilash maqsadida qator aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda», — deya yozgan livanliklar bosh vaziri.

Isroil quruqlik kuchlari Livanga 30 sentabr kuni, «Hizbulloh» tomonidan so‘nggi bir yil davomida yo‘llangan raketa va artilleriya zarbalariga javoban boshlangandi. Isroil hukumati bu amaliyot orqali o‘z uylarini tark etgan minglab isroilliklar qaytishi uchun mamlakat shimoli xavfsizligini ta’minlash maqsad qilinganini bildirgan.

Mavzuga oid