O‘zbekiston | 17:51 / 08.06.2020
55190
4 daqiqa o‘qiladi

Bu yil 6 yoshli bolani maktabga berish mumkinmi, davlat bog‘chalari qachondan ishlaydi? – Adliya vazirligi izohi

Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva 8 iyun kungi brifingda karantinga doir so‘ralayotgan bir nechta savollarga javob berdi.

Foto: KUN.UZ

Farzandim shu yilning 31 avgustida 6 yoshga to‘ladi, o‘qishga juda qiziqadi. Hamma harflarni taniydi, oz-moz yozadi, sanashni biladi. Ko‘rinishi ham tengdoshlaridan ajralib turadi, o‘zini o‘zi to‘liq eplaydi. Shu yoshida maktabga bersam bo‘ladimi?

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun va «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan mazkur umumiy o‘rta ta'lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qish uchun jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

Karantin choralari amal qilib turgan vaqtda, sud ajrimiga muvofiq Majburiy ijro byurosi tomonidan javobgarning uyidagi mol-mulklar xatlanadimi? Agar xatlash choralari amalga oshirilmasa, qanday normaga muvofiq sudning ajrimi ijro qilinmaydi? Karantin davrida javobgarning uyidagi mol-mulkni xatlashni amalga oshirishni taqiqlovchi normativ hujjat bormi?

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra davlat ijrochisi ijro hujjatini sud yoki boshqa organdan yoxud undiruvchidan ijro uchun qabul qilib olishi va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atishi shart. Ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan obektiv holatlar bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi o‘z tashabbusi bilan yoxud taraflardan birining arizasiga ko‘ra, shuningdek taraflarning har biri mustaqil tarzda ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish hamda ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga murojaat qilishga haqlidir.

Yosh bolam bor, ishga ham chaqirishyapti. Bolamga qarashga yaqinlarim yo‘q. Bog‘chalar qachondan ishlaydi?

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 15 iyundan boshlab «yashil» va «sariq» hududlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda 15 iyundan faqat xususiy bog‘chalar faoliyatiga ruxsat beriladi. Davlat bog‘chalari faoliyati esa Maktabgacha ta'lim vazirligi jadvali asosida 15 iyundan 1 iyulga qadar bosqichma-bosqich sanitariya-gigiyena xavfsizligining barcha qoidalari va me'yorlariga muvofiq yo‘lga qo‘yiladi.

15 iyundan umumiy ovqatlanish joylariga ruxsat berilyapti ekan. Mening ham umumiy ovqatlantiradigan joyim bor. Men nimalarga amal qilishim kerak?

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 15 iyundan boshlab «yashil» va «sariq» hududlarda umumiy ovqatlanish obektlari faoliyatiga ruxsat berildi. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish obektlari faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan asosiy talablar sifatida quyidagilar belgilab qo‘yildi:

• banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;

• faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish;

• stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash;

• bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;

• xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;

•  har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid