O‘zbekiston | 13:09 / 02.12.2021
53314
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Andijon viloyati prokurori ishdan olindi

Andijon viloyat prokurori G‘ayrat Fozilov ishdan olingan, uning o‘rniga yangi prokuror v.b etib tayinlangan.

Foto: Xalq so‘zi

Kun.uz'ning prokuratura organlaridagi manbasining ma’lum qilishicha, joriy yil 18 noyabr kuni Bosh prokuraturaning kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida Andijon viloyat prokurori G‘ayrat Fozilov keskin tanqidga uchragan. Viloyat prokurori ushbu majlisdan so‘ng ishga chiqmagan.

Endilikda Eshmurod Qarshiyevich Jo‘rayev Andijon viloyat prokurori vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan. U bungacha Bosh prokuraturada murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, joriy yilining 25 noyabr kuni faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun Andijon viloyat prokurori G‘ayrat Fozilov Bosh prokuror buyrug‘iga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Avvalroq, 18 noyabr kuni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida Bosh prokuraturada kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortilgani ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, G‘ayrat Fozilov 2018 yil yanvar oyida Andijon viloyati prokurori lavozimiga tayinlangan edi. U Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Muzaffar Egamberdiyevni almashtirgandi.

Bundan oldinroq Andijon viloyat prokuraturasi xodimi 15 ming dollar pora olayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid