Jahon | 10:26 / 21.10.2025
4988
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada ilk bor ayol kishi bosh vazir bo‘ldi

Yaponiya parlamenti Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) rahbari Sanae Takaichini Yaponiya Innovatsiya partiyasi bilan koalitsiya tuzilgach, bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. O‘zining o‘ta konservativ qarashlari bilan tanilgan Takaichi bu lavozimni egallagan birinchi ayoldir.

Foto: Yuichi Yamazaki/Pool via REUTERS

LDP va Yaponiya Innovatsiya partiyasi 20 oktyabr, dushanba kuni koalitsiya haqida e’lon qildi.

«Yaponiyani birgalikda oldinga harakatlantiramiz», dedi Innovatsiya partiyasi hamraisi Hirofumi Yosimura LDP bilan hamkorligini e’lon qilar ekan.

Bungacha LDP 26 yil davomida «Komeyto» buddist partiyasi bilan birgalikda hukmronlik qilgan. Biroq, mo‘’tadilroq nomzod emas, balki Sanae Takaichi LDP raisi etib saylanganidan keyin «Komeyto» hukumat tarkibidan chiqdi.

LDP rahbariyatiga saylovlar va yangi koalitsiya e’lon qilinishi o‘rtasidagi ikki hafta davomida Takaichi Yaponiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lum edi. Innovatsiya partiyasi bilan ittifoq uning g‘alabasini ta’minladi.

Biroq yangi koalitsiyaga ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish uchun parlamentda ikki o‘rin kamlik qilyapti, shuning uchun hukumat ishi qiyinlashishi mumkin.

Innovatsiya partiyasi a’zolari dastlab yangi hukumat tarkibiga qo‘shilmaydi, deb xabar qilmoqda Kyodo agentligi manbalarga tayanib.

Takaichi Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening shogirdi va Margaret Tetcherning muxlisidir.

Associated Press agentligining qayd etishicha, ko‘plab ayollar uning bosh vazir etib tayinlanishini patriarxal me’yorlar hamon hukm surayotgan Yaponiyada gender tengligi borasidagi taraqqiyot belgisi deb hisoblamayapti.

Misol uchun, Takaichi ayollarga nikohdan keyin o‘z familiyasini saqlab qolishga ruxsat berishga qarshidir (Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, er-xotin bir familiyaga ega bo‘lishi kerak). Shuningdek, ayollarning Xrizantema taxtining vorisligi qatoriga kiritilishiga qarshi.

Mavzuga oid