Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Hukumatingiz ko‘magini doimiy his qilishni istaymiz” – “Toyota Tsusho” mintaqaviy direktori
Prezident Yaponiyaga safari chog‘ida ushbu davlatdagi eng katta biznes vakillari bilan ko‘rishib, biznes forumi ham o‘tkazdi. Unda qatnashgan ko‘plab yapon kompaniyalari allaqachon O‘zbekiston bozorida faol. Kun.uz bilan gaplashgan “Toyota Tsusho” korporatsiyasi mintaqaviy direktoriga ko‘ra, ular hukumatdan doimiy ko‘mak istaydi.
O‘zbekiston–Yaponiya biznes forumida chiqish qilgan prezident bugun mamlakatda yapon kompaniyalari soni oxirgi yillarda karrasiga ko‘payib, 117 taga yetganini aytdi. O‘zining uzoq yillik tarixida ushbu bizneslar mahsulotlari sifatliligi, ishonchliligi bilan iste’molchilar bozorida mustahkam o‘rinni egallagan.
“Toyota Tsusho” korporatsiyasi Toyota guruhidagi yirik savdo va investitsiya kompaniyasi. 1948 yilda tashkil topgan ushbu kompaniya Toyota Motors’ning strategik hamkori hisoblanib, dunyo bo‘ylab 120 dan ortiq davlatlarda faoliyat yuritadi.
“Toyota Tsusho” – oddiy savdo firmasi emas, balki katta avtomobil korxonalariga ehtiyot qismlar va xomashyo yetkazib beruvchi, zavodlar uchun logistika kompaniyasi. Bundan tashqari, quyosh va shamol energiyasi, vodorod texnologiyalari va karbon neytrallik loyihalari bor.
Kun.uz bilan gaplashgan ushbu kompaniyaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ijrochi direktoriga ko‘ra, ular O‘zbekiston hukumatidan doimiy ko‘mak istaydi.
“Hozirda men asosan ikki yo‘nalish, ikki segmentda ishlayapman. Ulardan biri qayta tiklanuvchi energiya, ikkinchisi esa raqamli sohadir. O‘zbekiston kompaniyamiz uchun eng muhim mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bugun men raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq biznesimiz haqida ba’zi fikrlarimni bildiraman. Biz hamkorlikni davom ettirishni istaymiz va O‘zbekistonning salohiyatini yuqori baholaymiz. Shu sababli, biz prezidentning qo‘llab-quvvatlashini doimiy his etib turishni xohlaymiz. Hukumat tomonidan allaqachon katta yordam olyapmiz. Shu bois hukumatingiz ko‘magini doimiy his qilib turishni istaymiz”, deydi Hiroshi Yonenaga.
U O‘zbekistonda aholi soni yildan yilga oshib borayotganini ham qo‘shimcha qilib, bu hamkorlik imkoniyatlarini yanada oshirishini aytdi.
Shoxruh Majidzoda suhbatlashdi.