20 dekabr kuni Tokioda Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev va Yaponiya boş vaziri Sanae Takaiçi muzokaralari bölib ötdi.

Yaponiya boş vaziri prezident Şavkat Mirziyoyevning taşrifini har doimgidek yuksak işonç va özaro hurmat tamoyillariga asoslangan Özbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixidagi muhim voqea deb atadi.

Diplomatik munosabatlar örnatilganidan buyon ötgan 33 yil davomida Yaponiya Özbekistonning yaqin dösti, asosiy texnologik va investitsiyaviy şerigi bölib, respublikada zamonaviy sanoat va energetika infratuzilmasini yaratiş hamda inson resurslarini rivojlantirişga salmoqli hissa qöşib kelmoqda.

Tovar ayirboşlaş, investitsiyalar hajmi va Yaponiya sarmoyasi iştirokidagi qöşma korxonalar sonining barqaror ösayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantiriş, AT va boşqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oşirib kelayotgan “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Kyoto Plaza”, “Balcom”, “Shikoku Electric” kabi yetakçi yapon kompaniyalari Özbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qöşma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, ta’lim va qişloq xöjaligi kabi sohalarni qamrab olgan.

Muzokaralarda parlamentlardagi “döstlik guruhlari”, iqtisodiy hamkorlik qömitalari, ustuvor yönalişlar böyiça tarmoq uçraşuvlari va boşqa hamkorlik şakllarini faollaştiriş muhimligi ta’kidlandi.

Özbekiston prezidenti Yaponiya bilan strategik şeriklikni rivojlantirişning bir qator asosiy yönalişlarini qayd etdi: “yaşil” energetika va sanoatda uglerod çiqarişni kamaytiriş, axborot texnologiyalari, öta muhim minerallar, maşinasozlik sohasidagi hamkorlik, soğliqni saqlaş va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qiliş şular jumlasidan.

Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bölgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli şakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uşbu loyihalarni ilgari suriş uçun qöşma investitsiya platformasini yaratiş taklif qilindi.