Andijonda ag‘darilib ketgan Damas’ni YPX xodimi boshqarish vakolatiga ega bo‘lmaganmi?
Andijon viloyati Andijon tumanida Damas avtomashinasi ag‘darilib ketishi hodisasida YPX xodimi ham qonun talabini buzgan bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hududida YPX xodimi tomonidan jarima maydoniga olib ketilayotgan Damas rusumli avtomashina ag‘darilib ketgani tasvirlangan video tarqaldi.
Kun.uz surishtiruvida aniqlanishicha, hodisa 21 mart kuni sodir bo‘lgan. YPX inspektori R.Mo‘minov tomonidan to‘xtatilgan Damas avtomashinasini boshqarib kelayotgan fuqaro S.A.da haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi aniqlanib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilgach, YPX xodimi avtomashinani jarima maydoni tomon minib ketayotganida mashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan qoidabuzar haydovchi unga qarshilik ko‘rsatib rulga osiladi va avtomashina ag‘darilib ketadi.
Kun.uz tahririyati masalaning boshqa bir tarafiga e'tibor qaratishni lozim topdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu holatda YPX inspektori o‘zgaga tegishli bo‘lgan transport vositasini boshqarish vakolatiga ega bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi «Qonun hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 149-sonli qaroriga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda vakolatli davlat organlari (shu jumladan YPX inspektori – muallif) tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlab olingan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Ushlangan transport vositalarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun tanlab olingan yuridik shaxslar vakolatli davlat organining xabari (murojaati) asosida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash joyiga olib kelishni (tashishni) ta'minlaydilar.
Mazkur qarorda ham, ushbu qaror bilan tasdiqlangan «Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda ham xodimga transport vositasini jarima maydoniga o‘zi boshqarib kelish huquqi (vakolati) berilmagan.
Aksincha, Nizomning 6-baniga ko‘ra ushlash joyiga kelgan transport vositalarini olib kelish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxsning vakili transport vositasini to‘xtash joyi (jarima maydonchasi - muallif)ga olib kelish (tashish) va unga joylashtirish choralarini ko‘radi.
Ayni paytda ushbu hodisa yuzasidan Andijon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, YPX xodimi R.Mo‘minovning vakolati doirasidan chetga chiqqan bo‘lishi mumkinligi holatiga ham e'tibor qaratilsa ajab emas.
Shu o‘rinda, mazkur holatga IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan oydinlik kiritilishini kutib qolamiz.
Dilshod Abduqodirov
huquqshunos
Mavzuga oid
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
15:56 / 25.11.2024
Andijon davlat texnika instituti tashkil etiladi
07:40 / 25.11.2024
Ikki tumanda 966 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi
22:05 / 23.11.2024