O‘zbekiston | 14:24 / 11.05.2024
13254
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Koreyaga qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga yuboriladi

Bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, Koreya tomoni o‘zbekistonlik ishchilar uchun “har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyor”, faqat buning uchun o‘zbekistonlik ishchilar Koreyaning mehnat qonunchiligini buzmasligi, nolegal faoliyatga o‘tmasligi, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasligi kerak.

Foto: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Koreya adliya vaziri Pak Son Jye bilan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, dastlab ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari xususida so‘z bordi. Mehnat munosabatlariga oid mavjud muammolar o‘rtaga tashlanib, ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida endilikda yurtdoshlar Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarda mehnat qilishi mumkin bo‘ladi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar bo‘yicha ishlab, malakasini oshiradi, bu orqali ayni yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini boyitib, mamlakatga katta tajriba bilan qaytishi mumkin.

Bundan tashqari, professional kasb-hunarga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ham Koreyada ishlash imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda. Ushbu yo‘nalishda, ya’ni ma’lum bir kasb-hunarga ega bo‘lgan, qo‘lida diplomi bor mutaxassislar ko‘p. Endilikda ular ham o‘z sohasidan kelib chiqib Koreyada faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi.  

Agarda o‘zbekistonlik ishchilar Koreyaning mehnat qonunchiligini buzmasa, nolegal faoliyatga o‘tmasa, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasa, Koreya tomoni hamyurtlar uchun har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid