Jamiyat | 17:54 / 07.11.2025
9814
3 daqiqa o‘qiladi

Yozda odamlar bilan to‘lib-toshadigan qishloq - Gulistonga sayohat

Namangan viloyatining Pop tumanidagi Guliston qishlog‘i tog‘ oralab 22 kmga cho‘zilgan. Ikki tog‘ orasi, soy bo‘yida joylashgan bu go‘sha betakror tabiati bilan mashhur. Yoz faslida dam oluvchilar bilan to‘lib-toshadigan qishloq havo harorati tushib, ancha huvillab qolgan. Kun.uz muxbiri Guliston qishlog‘ida bo‘lib, odamlarning yashash tarzi bilan qiziqdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bir paytlar dehqonchilik bilan shug‘ullangan gulistonliklar bugunga kelib o‘z xonadonlarida mehmon uylari tashkil qilib tirikchilik o‘tkazishar ekan. 91 yoshli Sharofiddin ota Hasanov Guliston qishlog‘i haqida so‘zlab berdi.

Sharofiddin ota Hasanov

“Qishlog‘imizni baland tog‘lar o‘rab turadi. Ikki tog‘ orasidan o‘tuvchi soy qishlog‘imizga o‘zgacha fayz qo‘shgan. Gulistonning birinchi nomi Podshoxo‘ja mozor edi. 60 yillarda qishloq nomi Gulistonga o‘zgardi.

Avvallari ko‘pchilik chorvachilik, dehqonchilik qilib kun ko‘rgan. Biz ham sigir, echki, qo‘y boqib, ro‘zg‘or tebratganmiz. Kezi kelganda tomorqaga beda, bug‘doy, makkajo‘xori ekdik. Endi hozirgi vaqtga kelib sharoitlar o‘zgardi. Odamlar avvalgidek dehqonchilik qilmay qo‘ydi.

Qishlog‘imiz Pop tumani markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Elektr energiyasi 1969-70 yilda kelgan. Ilgari shamchiroqda o‘tirganmiz. Kerosin sotib olib, unga pilikni botirib, uyni yoritardik.

Avval aholi buloqdan suv ichgan, keyin soydan ichadigan bo‘ldi. Odamlar soyning ikkala tomoniga joylashgan. Yozda qishlog‘imiz juda fayzli bo‘ladi. Guliston va Chodak qishloqlari mehmonlar bilan to‘ladi.

Qishloqda ham odamlar kundan kunga ko‘paymoqda. 4 000 ga yaqin odam yashaydi. Mehmonxona uylar tobora ko‘payyapti. Yoz faslida biz ham hovlimizga mehmonlarni joylaymiz. Qishloq aholisining asosiy qismi chet davlatga borib ishlab kelib oila boqyapti. Mana shunaqa gaplar…”, deydi otaxon.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid