Jahon | 16:10 / 03.06.2026
3879
9 daqiqa o‘qiladi

Eron Kuvayt va Bahraynni urdi, AQSh yadro qurolini Polshaga joylashtirmoqchi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron yana zarbalar almashdi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi sulh vaqtida Ho‘rmuzdagi Keshm oroliga zarbalar berib, buning «Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab amalga oshirmoqchi bo‘lgan hujumlariga javob» ekanini aytdi.

AQSh harbiylari Ho‘rmuzdagi dengiz blokadasi doirasida Eronga qarab suzayotgan bo‘sh neft tankeriga zarba berib, uni ishdan chiqargan videosini e’lon qildi. CENTCOM’ga ko‘ra, Botsvana bayrog‘i ostidagi kema ekipaji «takroriy ogohlantirishlarga e’tibor bermaganidan» keyin kemaning motor qismiga «Hellfire» raketasi otilgan.

Eron esa bunga javoban raketa va dronlar yordamida AQSh bazalari va vertolyotlariga hujum qilgan. 3 iyun kuni Kuvayt Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Eron dron va raketalari mamlakat xalqaro aeroportining T1 terminali binosiga urilganini ma’lum qildi. Hujum oqibatida jarohatlanganlar bor va bino jiddiy talafot ko‘rgan.

Kuvayt Aviatsiya boshqarmasi barcha reyslar vaqtincha to‘xtatilganini va keyingi ogohlantirishgacha samolyotlar muqobil aeroportlarga yo‘naltirilishini bildirdi.

Shuningdek, Erondagi muhofizlar korpusi Bahraynda joylashgan AQSh Beshinchi floti qarorgohiga va nomi oshkor etilmagan davlatdagi aviabaza va vertolyotlarga ham hujum uyushtirgan. AQSh Markaziy qo‘mondonligi Bahrayn tomon uchirilgan uchta raketa urib tushirilganini ma’lum qildi.

Muhofizlar korpusi «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini buzish tajovuzkor AQSh harbiylari uchun juda qimmatga tushadi», deb bayonot berdi.

Ushbu so‘nggi to‘qnashuvlar – AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kongress oldida ommaviy ravishda chiqish qilgan paytga to‘g‘ri keldi. Rubio AQSh muzokarachilari bo‘g‘ozni qayta ochish evaziga Eronga sanksiyalarni yumshatishni taklif qilmaganini aytdi.

«Hozirgi vaqtda ular bilan muhokama qilinayotgan barcha narsa shundan iboratki... har qanday sanksiyalarni bekor qilish — ular nima sababdan joriy etilgan bo‘lsa, o‘sha sabab — ularning yadroviy dasturi evaziga bo‘lishi kerak», dedi u.

Oxirgi hujumlar — 3 oydan buyon davom etayotgan urushni tugatish bo‘yicha otashkesim muzokaralari fonida yuz bermoqda.

Ukrainada qurbonlar ortmoqda

Rossiya seshanba kuni Ukrainaga bergan yopirilma zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 23 kishiga yetdi. Yana 130 kishi yaralandi. Prezident Volodimir Zelenskiy Moskva yana yangi hujum boshlashi mumkinligini aytdi.

Bu Kiyevga bir oydan kamroq vaqt ichida uyushtirilgan uchinchi kuchli hujum bo‘ldi. Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, hujumda Rossiya – urib tushirilishi qiyin bo‘lgan 33 ta ballistik raketa va sakkizta «Tsirkon» gipertovushli raketasini qo‘llagan. Bu – urush davomida bunday raketalarning bir vaqtning o‘zida eng ko‘p ishlatilishidir.

Hujumlarda Kiyevda kamida to‘qqizta ko‘p qavatli bino, bolalar bog‘chasi, klinika, ofislar va ma’muriy binolar zarar ko‘rgan, 140 000 aholi elektr ta’minotisiz qolgan. 40 000 dan ortiq odam Kiyev metrosiga yashiringan.

Zelenskiy raketalarga qarshi turish uchun qurol-yarog‘ yetishmovchiligiga duch kelayotganini yana bir bor ta’kidladi. «Afsuski, havo mudofaa tizimlarimiz uchun hozirgi yetkazib berish darajasi raketalarning salmoqli qismini urib tushirish imkonini bermayapti», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tun davomida Rossiya 70 dan ortiq raketa va 650 ta dronni ishga solgan, seshanba kuni kun davomida yana 100 ta dron uchirgan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vashingtonni qo‘shimcha «Patriot» raketa tutuvchi tizimlarini yuborishga chaqirgan edi.

Ukrainadagi urush bo‘yicha AQSh vositachiligidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, chunki Vashington diqqatini Eronga qaratgan. Shu bilan birga, Rossiyaning jang maydonidagi ilgarilashi sekinlashgan. Kiyev esa Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni kuchaytirmoqda.

Yaponiyada ayiqlar hujumi

Seshanba kuni Yaponiya shimoli-sharqidagi Fukusima shahrida qora ayiqning vahshiyona hujumi oqibatida to‘rt kishi jarohatlandi.

Ayiq dastlab «Fukushima Steel Works» kompaniyasining ikki nafar xodimini jarohatlagan. Shundan so‘ng voqea joyiga mahalliy politsiya va o‘t o‘chirish bo‘limi xodimlari safarbar etilgan. Rasmiylarga kompaniyadan «xodimlarni ayiq tishlagani» haqida qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Shundan so‘ng ayiq boshqa bir korxonada 60 yoshlardagi yana bir erkakka hujum qilgan. Shuningdek, u o‘sha mahallada yashovchi 80 yoshlardagi ayolga ham tashlangan.

Jabrlanganlarning faqat bir nafari og‘ir jarohat olgan. Qolganlari esa yengil tan jarohatlari bilan qutulgan.

Ayiq hali ushlanmagan va u oxirgi marta ko‘rinish bergan binosi ichida ekani taxmin qilinmoqda. Uzun tayoqlar bilan qurollangan politsiya xodimlari kompaniya hududini o‘rab olgan.

Yaponiyada ayiqlar hujumi ortib bormoqda. Atrof-muhit vazirligining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili mamlakatda ayiqlar hujumi oqibatida rekord darajada – 13 kishi halok bo‘lgan.

O‘tgan yili Yaponiyaning shimolidagi Akita prefekturasi gubernatori aholini bu kabi hujumlardan himoya qilish uchun hatto harbiy yordam so‘rashgacha borgandi.

Rossiyada urush xarajatlari ortib bormoqda

Rossiyalik yirik tadbirkorlar federal budjetga 3 milliard dollardan ko‘proq (220 mlrd rubl) «beg‘araz to‘lovlar»ni o‘tkazdi. Bu haqda hukumatning «Elektron budjet» portali ma’lumotlariga tayanib «Ekspert» nashri xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, bunday «ko‘ngilli badallar»ga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 26 mart kuni oligarxlar bilan o‘tkazgan yopiq uchrashuvi sabab bo‘lgan. Unda Putin Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qilgan va biznes vakillaridan yordam talab qilgandi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov milliarder Suleyman Karimov «juda katta miqdorda mablag‘» ajratishni taklif qilganini tasdiqladi. Ushbu tashabbusga boshqa oligarxlar ham qo‘shilgan.

2026 yilning yanvar-aprel oylarida Rossiya federal budjeti taqchilligi 5,877 trillion rublga yetdi. Tahlilchilar yil yakunlariga ko‘ra Moskvada moliyaviy taqchillik rejalashtirilganidan ikki baravar oshib ketishini prognoz qilmoqda.

Bloombergʼning yozishicha, moliya vazirligi va Markaziy bank mulozimlari Putinni urush xarajatlari qabul qilib bo‘lmas darajaga yetayotgani, iqtisodiyot esa qisqara boshlagani haqida ogohlantirgan. Ular mudofaa xarajatlarini qisqartirishni taklif qilishgan. Biroq Putin mudofaa vazirligini qo‘llab-quvvatlab, harbiy sohadan tashqari har qanday boshqa xarajatlarni qisqartirishni buyurgan.

Yil oxirigacha oligarxlardan kutilayotgan 300 milliard rubllik «ehson va badallar» esa budjet taqchilligining atigi 10-15 foizini yopadi. Ammo buning oxiri juda yomon iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

AQSh yadro qurolini Boltiqbo‘yiga olib kelishi mumkin

AQSh NATOning yana bir qator mamlakatlarida yadro qurolini joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Shu orqali u ittifoqchilarini Yevropadagi xavfsizlik kafolatlarini zaiflashtirmasligiga ishontirishga urinadi.

Financial Times'ning yozishicha, NATO sharqiy qanotidagi davlatlar, jumladan, Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari, yadroviy zarbalar berishga qodir bo‘lgan Amerikaning ikki maqsadli samolyotlarini joylashtirishga qiziqish bildirmoqda.

Polsha rasmiylari o‘z hududlarida yadro qurolini qabul qilish istagini oldin ham ochiqchasiga bayon etgan. Joriy yilda Varshava Fransiya yadroviy salohiyatining bir qismini Yevropadagi ittifoqchilarda vaqtincha joylashtirish tashabbusiga ham qo‘shilgandi.

Manbalarga ko‘ra, chegaralari Rossiyaga eng yaqin bo‘lgan ittifoqchilar yadroviy qurollarga eng katta qiziqishni ko‘rsatmoqda. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va prezident Putinning bayonotlari bu qiziqishni yanada kuchaytirgan.

Hozirgi vaqtda NATOning yadro qurolidan birgalikda foydalanish dasturida — Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya va Buyuk Britaniya ishtirok etmoqda. Ular Amerikaning samolyotlarini va oldingi pozitsiyalarga joylashtirilgan yadroviy bombalarni qabul qiladi. Qurollar AQSh harbiylari qo‘riqlovi ostida bo‘lib, ularni qo‘llash huquqi mutlaqo Vashingtonda qoladi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid