O‘zbekiston | 11:34 / 18.05.2024
8041
10 daqiqa o‘qiladi

Bolani davlat bog‘chasiga joylash uchun yillab navbat kutiladimi? – soha mas’uli izoh berdi

Aholi orasida “bola tug‘ildimi, zudlik bilan bog‘chaga navbatga qo‘yish kerak” degan tasavvur shakllanib qolgan. Buning sababi esa oddiy - talab yuqori, bog‘chalar va undagi o‘rinlar soni cheklangan. Vazirlik mas’ulining tushuntirishicha, navbat qachon kelishini oldindan aytish qiyin, muassasalar quvvati va navbatlari soni turlicha. Kun.uz muxbiri Maktabgacha ta’lim agentligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Jo‘rayev bilan davlat bog‘chalariga yillab kutiladigan navbatlar haqida suhbatlashdi.

2018 yil aprel oyidan boshlab Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan davlat bog‘chalaridagi bo‘sh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni tashkilotlarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish va yo‘llanmalarni rasmiylashtirish maxsus axborot tizimida amalga oshirilishi belgilangandi. Bugungi kunga kelib, bu tizim orqali minglab bolalar bog‘chalarga navbatga qo‘yilmoqda.

Xo‘sh, bu jarayon qanday kechadi, o‘rtacha hisobda bolaning bog‘chaga chiqish navbati qanchada keladi, nima sabab ota-onalar yillab navbat kutishga majbur bo‘lyapti? Shu kabi savollarimizga Maktabgacha ta’lim agentligining axborot xavfsizligi va raqamlashtirish bo‘limi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev javob berdi.

Bolaning bog‘chaga navbatga qo‘yilishi qanday kechadi?

Maktabgacha ta’lim tashkilotiga farzandini joylashtirmoqchi bo‘lgan ota-onalar davlat xizmatlari markazi yoki elektron shaklda my.gov.uz saytlari orqali navbatga qo‘yishlari mumkin, hamma arizalar elektron tarzda beriladi. Bunda navbatlar bolaning yoshi va ariza berilgan sanaga muvofiq shakllantiriladi. Soddaroq tushuntirsak, ariza berganda bir nechta holatlarni ko‘rish mumkin.

Birinchisi, sanasiga muvofiq. Aytaylik, ota-ona biror bog‘chaga bolani navbatga qo‘ygan bo‘lsa, bugungi kunda 100-o‘rinda turishi mumkin. Lekin shu o‘rinda turgani bilan undan avval ariza berganlarning yoshi turlicha bo‘ladi. Ya’ni qaysidir ota-ona bolani 1 yoshligida, yana qaysidiri 4 yoki 5 yoshligida navbatga qo‘ygan bo‘ladi.

Bunda ariza berilganda ota-onaga 2 ta navbat ko‘rinadi. Dastlabkisi ariza sanasi bilan 100-navbat bo‘lsa, bundan tashqari yoshi bo‘yicha ham navbati shakllanadi. Jarayonda yoshiga doir guruhlar shakllanadi, shunga qarab o‘zining navbati bo‘ladi. Yoshi muvofiq bo‘sh joy bo‘lsagina, farzandning bog‘chaga chiqishiga yo‘llanma yuboriladi.

Elektron navbatning shakllanishi ham aynan shu shaffoflikni ta’minlash maqsadida qilingan. Bunda Maktabgacha ta’lim agentligining maxsus platformasi bor. Bu platforma orqali har bir ota-ona farzandining navbatini real rejimda kuzatib borishi mumkin. Nafaqat o‘zining, balki butun respublika bo‘yicha joylashgan bog‘chalariga berilgan arizalar holatini ham ko‘rishiga imkoniyat bor. Bu ota-onalar uchun juda qulay. Ya’ni farzandini navbatga qo‘yishdan avval ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotining bo‘sh o‘rinlari yoki navbatlar sonini ham kuzatib borishi mumkin.

Bir bolaning navbati o‘rtacha qancha vaqtda keladi?

Buni biror bir bog‘cha misolida aytish to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki maktabgacha ta’lim tashkilotida navbatlar, ularning quvvati turlicha. Aytaylik, 120 nafarlik quvvatga ega bog‘cha bo‘lsa, bunda guruhlar soni 4 ta bo‘ladi. Ota-ona farzandini u maktab yoshiga yetganidan keyin yoki boshqa manzilga ko‘chgach bog‘chadan olishi mumkin. Asosan bir ota-ona farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirgandan keyin toki maktabga chiqqunicha shu bog‘chada tahsil oladi.

Endi 120 nafar bola ta’lim oladigan bog‘cha deb olsak, har 3, 4, 5 yoshdagi guruhlar bittadan shakllangan bo‘ladi. Agar har bir guruhning quvvati 30 o‘rinli deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, bir yilda 30 ta bola maktabga chiqib ketadi degani. Ya’ni maktabga tayyorlov guruhidagi bolalarimiz maktabga chiqadi, tayyorlov guruhidagi bolalarning bo‘shagan o‘rni uchun boshqa bolalar qabul qilinadi. 120 o‘rinli bog‘chadan misol keltiradigan bo‘lsak, bolalarning maktabga chiqishi tufayli bir guruh bo‘shaydi, bu asosan yoz oylariga to‘g‘ri keladi.

Umumiy hisobda buning statistikasini yuritish imkoni yo‘q, chunki qaysidir bog‘chaning tayyorlov guruhlari 3 yoki 4 ta bo‘ladigan bo‘lsa, qaysidir bog‘chalarda 1 ta bo‘ladi. Bu qabul qilinadigan bolalar soni turlicha bo‘ladi degani.

Hozirda navbat kutayotgan bolalar soni qancha?

Har bir maktabgacha ta’lim tashkilotiga umumiy navbatlar yuritiladi, hozirgi kunda farzand tug‘ilganda FHDYo organlaridan navbatga qo‘yish yo‘lga qo‘yilgan. Endi biz umumiy navbatlar sonini olsak ham uning 40-50 foizi hali maktabgacha ta’lim tashkiloti yoshiga yetmagan bo‘ladi. Chunki FHDYo organlarida nol yoshdan navbatga qo‘yib ketilyapti. U 3 yoshga yetmagunga qadar baribir yo‘llanma shakllanmaydi, chunki maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish 3 yoshdan deb belgilangan.

Qo‘shimcha sifatida aytmoqchiman, biz umumiy navbat deb olganimiz bilan bu aniq bog‘chaga joylashtirmoqchi bo‘lganlik sonini bermasligi mumkin. Chunki bir bolani 3 tagacha bog‘chaga navbatga qo‘yish mumkin. Bola aslida bitta, lekin u 3 tagacha MTTda navbatda turadi. Ota-onalar o‘zlariga yaqin bo‘lgan 3 tagacha MTTga navbatga qo‘yadi, qaysi bog‘chaga yo‘llanma shakllanadigan bo‘lsa, ularda shu bog‘chaga joylashtirish huquqi bor.

Yo‘llanma shakllanib, shu asosda bola bog‘chaga qabul qilinsa, qolgan navbatlar avtomatik tarzda o‘chiriladi. Chunki bola bog‘chaga joylashdi, qolgan MTTdagi navbatlar sun’iy oshib ketishining oldi olinishi uchun bu navbat avtomatik o‘chiriladi. Agar aytaylik, 3 tagacha bog‘chaga navbatga qo‘ygan, shulardan biriga yo‘llanma ham shakllangan, lekin ota-ona bu bog‘chaga farzandining qabul qilinishi yuzasidan murojaat qilmagan bo‘lsa va bola rostan ham qabul qilinmagan bo‘lsa, qolgan yo‘llanmalar o‘z kuchida qoladi.

Ota-ona yo‘llanma olgach, 15 ish kunida bog‘cha murojaat qilsa, bola bog‘chaga qabul qilinadi. Agar 15 ish kunidan orsa, bu yo‘llanma o‘z kuchini yo‘qotadi, haqiqiy deb hisoblanmaydi. Ota-ona shu bog‘chaga bolasini qo‘ymoqchi bo‘lsa, qayta navbatga qo‘yishi kerak bo‘ladi. Bu 15 ish kuni deyilyapti, lekin kalendar kuni bilan 20 kun bo‘ladi, chunki shanba va yakshanba dam olish kunlari, qolaversa, bayram kunlari hisobga olinmaydi.

Nima sabab navbati kelib, bolalar bog‘chaga qabul qilinmay qoladi?

Ota-onalarning yo‘llanma yuborilgan bo‘lsa ham, MTTga murojaat qilmagani tahlil qilingan. Bu borada bir nechta asoslar bor. Farzandini bu bog‘chaga joylashtirmasdan, qolgan navbatlarini kutish holati bor. Yana biri ma’lum bir davrda shu MTTga joylashtirish uchun ariza bergan, lekin yashash manzili o‘zgargani hisobiga bu arizaga ehtiyoji qolmagan holatlari bor.

Agar bog‘chaga qabul qilish bo‘yicha ariza berilib, bugungi kun holatida bunga ehtiyoji bo‘lmasa, ota-onalar istagan vaqtida bu arizani o‘zlari rad qilishlari mumkin. Buning uchun my.gov.uz saytiga kirib, ariza raqami teriladi va bekor qilish tugmasi bosiladi.

Agentlik tomonidan talab yuqori, imkoniyati bor bog‘chalarning quvvati 35 tagacha (bir guruh uchun maksimal shart 30 nafar) qilib qo‘yish holatlari ham mavjud. Talab yuqori bog‘chalarimiz bor, ularda haqiqatan ota-onalar yillar davomida kutgan holatlarini ham kuzatishimiz mumkin. Bu yerda ota-onalardan ham iltimos qilgan bo‘lardik, misol uchun, ko‘pchilik biladi, birinchidan yashash hududiga yaqin bog‘chalar tanlanadi, ikkinchidan katta farzandi shu bog‘chaga borgan, ota-ona pedagog xodimlarini taniydigan va kichik farzandini ham shu bog‘chaga berishni istash holatlari bo‘lishi mumkin.

Aslida shu hududga yaqin boshqa bog‘chalarimiz ham bor bo‘ladi. Misol uchun, 2 ta bir-biriga yaqin bog‘chalarni oladigan bo‘lsak, ba’zilarida yuzlab navbatlar bo‘lsa, yonidagi boshqa bog‘chalardagi navbat bunday bo‘lmasligi mumkin. Bugungi kunda MTTda ta’lim jarayonlari bir standart asosida amalga oshirilgani, bir xil o‘quv dasturlari bo‘lgani uchun qaysidir bog‘chaga oylab navbat kutishdan ko‘ra, farzandlarini navbati tez keladigan yoki bo‘sh bog‘chaga berganlari ma’qul.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Tasvirchi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid