Jamiyat | 14:43 / 13.11.2016
59310
11 daqiqa o‘qiladi

Islom dinida kiyinish madaniyati

Foto: Reference.com

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov islom dinidagi kiyinish madaniyati haqida maqola yozdi.

Libos bu – Allohning O‘z bandalariga ato etgan tengsiz ne'matlaridan biri desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. U insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo‘lib xizmat qiladi. 

Alloh taolo shunday marhamat qiladi «Ey Odam bolalari, darhaqiqat, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan libosini ham nozil qildik. (Hammasidan) yaxshiroq libos taqvo libosidir» (A'rof surasi: 26-oyat). 

Ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarga avratlarini berkitadigan hamda ularga ziynat bo‘ladigan har turli liboslarni yaratib bergani, ularga bu narsalarni bichish, tikish va tayyorlash uchun imkon berganini «nozil qildik» degan so‘z bilan eslatar ekan, avratlarni mazkur liboslar ila to‘sishga amr etmoqda. 

Avrat o‘rinlari erkaklarda kindikdan tizzagacha bo‘lgan joyni o‘z ichiga oladi. Demak, mazkur joylarni berkitish vojibdir. Imom Ahmad o‘zlarining «Musnad» nomli hadis to‘plamlarida rivoyat qilishlaricha, Jarhad ismli sahobiy sonini ochib turgan paytda Nabiy alayhissalom uning yonidan o‘tib qoldilar va «Ey Jarhad, soningni yop(!), zero, son avratdir», dedilar. 

Mazkur hadisi sharifni hujjat qilib aksar ulamolar, jumladan, Hanafiy mazhabi ulamolari son avratdir, deydilar. Shunday ekan, kishi eng kamida o‘zgalarga badanining mazkur joylarini ochiq holda ko‘rsatmasligi lozim. Aks holda gunohkor bo‘ladi.

Islom dini mukammal shariat bo‘lgach, unda barcha narsaning odobi va madaniyati mufassal tarzda bayon qilib berilgan. Shu jumladan dinimiz ta'limotida kiyinish madaniyatining ham o‘ziga xos odoblari mavjud bo‘lib, quyida ular haqida qisqacha so‘z yuritamiz.

1. Libos insonning terisini ko‘rsatadigan darajada yupqa va shaffof bo‘lmasligi lozim. 

2. Tor bo‘lmasligi. Ba'zi liboslar terini ko‘rsatadigan darajada yupqa bo‘lmasada ammo, avrat yerlarining shaklini ko‘rsatib qo‘yadigan darajada tor bo‘ladi. Bu ham mumkin emas.

3. Erkak kishi kiyinishda o‘zini ayollarga o‘xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi lozim. Imom Buxoriy o‘zlarining «Sahih» to‘plamlarida Abdulloh ibn Abbos (raziyallohu anhumo)dan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (kiyinishda) o‘zini ayollarga o‘xshatadigan erkaklarni va erkaklarga o‘xshab kiyinadigan ayollarni la'natladilar».

4. Kiyim olishda haddan oshmaslik, odamlardan ajralib turish uchun o‘ta qimmat libosni xarid qilmaslik. Imom Ahmad o‘z «Musnad»larida Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kimki, dunyoda shuhrat libosini kiysa, Qiyomat kunida Alloh unga xorlik libosini kiygazadi». Demak, musulmon kishi odamlarga kibru havo qilish, o‘zini ulardan yuqori tutish yoxud shuhrat qozonish uchun kiyinmasligi lozim. Chunki, bu narsa uni kibru havoga berilib, o‘zidan mamnun bo‘lishga yetaklaydi. Bu esa ma'naviy illatlar sirasiga kiruvchi zararli xislatlardan biridir.

5. Erkaklarga tilla taqinchoqlar va ipak liboslarning haromligi. Imom Abu Dovud o‘zlarining «Sunan» nomli hadis to‘plamlarida Ali (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, bir kuni Nabiy sollallohu alayhi va sallam ipak matoni olib o‘ng tomonlariga qo‘ydilar, tillani olib chap tomonlariga qo‘ydilar. So‘ng: «Mana bu ikki narsa ummatimning erkaklariga haromdir!», dedilar. 

6. Libos kiyishda o‘ng tomondan kiyish sunnatdir. Oisha onamiz (raziyallohu anho) aytadilar: «Nabiy alayhissalomga poklanishda (ya'ni, tahorat va yuvinishlarda), soch tarashda va oyoq kiyim kiyishda o‘ng tomondan boshlash yoqar edi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda faqat poyabzal kiyish zikr qilingan bo‘lsada, hadisda tilga olingan sunnat bo‘lmish o‘ng tomondan boshlash boshqa turdagi liboslarni kiyishga ham taalluqli hisoblanadi. 
Ulamolarning ta'kidlashlaricha, ovqatlanish, kiyinish va hokazolar kabi insonning karomati va obro‘siga dalolat qiladigan ishlarda o‘ng qo‘lni ishlatish yoki o‘ng tomondan boshlash mustahabdir. Istinjo kabi past ishlarda esa chap qo‘lni ishlatish lozim. Chunki, o‘ng qo‘l oliy ishlar uchun, chap qo‘l esa yuqorida aytilganidek, zarurat bo‘lgan ammo, o‘zi past narsalardan sanaluvchi ishlar uchundir.

7. Oq rangdagi liboslarning afzalligi. Abdulloh  ibn Abbos (raziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom shunday deganlar: «Kiyimlaringizdan oq ranglisini kiyinglar, zero, u liboslaringizning eng yaxshisidir. Va mayyitlaringizni ham unga (ya'ni oq rangli matoga) kafanlang!» (Abu Dovud rivoyati).

8. Kiyimlarni pok tutish lozimligi. Islom dini poklik dinidir. Bu poklik ma'naviy va moddiy pokizalikni taqozo etadi. Alloh taolo Qur'oni karimning Muddassir surasida Nabiy alayhissalomga qarata va u kishi orqali butun insoniyatga xitob qilar ekan: «Kiyimlaringni pok tut!», degan. Demak, libos pokizaligi musulmon kishining hayotida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham namozning shartlaridan biri libosning pokligidir. Undan tashqari poklik va orastalik iymondan ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha rivoyatlar ham kelgan.

9. Kiyim kiyishda ayrim duolarni o‘qishning savobli ekanligi. Musulmon kishi aksar vaqtda Allohni zikr qiladi, Uni yodga oladi. Bu narsa uning qalbi poklanib, yaraqlashiga, ruhan yuksalishiga va gunohlari o‘chirilib, darajalari oshishiga sabab bo‘ladi. Nabiy alayhissalom ko‘p hollarda Allohni zikr qilardilar, uyga kirishda, chiqishda, uyquga yotishda, uyqudan turishda, taomlanish oldidan, taomdan so‘ng va hokazo. Shu jumladan, libos kiyishda ham aytish savobli va mustahab bo‘lgan ba'zi bir zikru duolar borki, ularning ayrimlarini misol tariqasida keltiramiz. «Alhamdu lillahillaziy kasaaniy haza va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy valaa quvvah». Ya'ni, «Barcha hamdu sanolar mening o‘zimda hech qanday kuch-qudrat va imkoniyat bo‘lmagan holda bu libosni menga kiydirgan va rizq qilib bergan Allohga xosdir».

10. Insonning ustida ya'ni libosida Alloh ne'matining asari ko‘rinib turishi. Agar kimgadir Alloh kengchilik va davlat ato etgan bo‘lsa, u inson o‘zining imkoniyati va maqomiga mos ravishda yaxshi kiyimlardan kiyishi, tashqi ko‘rinishiga e'tibor berishi, pokiza va orasta kiyinishi maqsadga muvofiqdir. Zero, Alloh taolo biron kimsaga ne'mat ato etgan bo‘lsa, o‘sha insonda mazkur ne'matning asari va alomati ko‘rinib turishini yaxshi ko‘radi. Abul Ahvas nomli sahobiy o‘z otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga past (eskirib ketgan, uvada) kiyimlarda keldim. Shunda u kishi menga «Sening mol-davlating bormi?», dedilar. Men: «Bor!», dedim. «Nimalaring bor?», so‘radilar yana Ul zot (sollallohu alayhi va sallam). Men: «Alloh menga tuya, qo‘y va otlar hamda qullar ato qilgan», dedim. Buni eshitgach, Nabiy alayhissalom: «Alloh senga mol-dunyo ato qilgan bo‘lsa, Uning senga bergan ne'mati va ikromining asari ko‘rinib tursin!», dedilar (Abu Dovud rivoyati). 

Xuddi shunga o‘xshash voqea mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bilan ham ro‘y bergan. O‘ylaymizki, mazkur voqeani keltirish foydadan xoli emas. 

Bir kuni Abu Hanifa hamsuhbatlaridan birining ustida eskirib, uvadasi chiqqan kiyimlarga ko‘zi tushdi. Odamlar tarqalib, majlisda faqat Abu Hanifa-yu haligi kishining yolg‘iz o‘zi qolgach, Imom unga yuzlanib, dedi: 
- Anavi joynamozni ko‘targin-da, tagidagini ol. 
Kishi joynamozni ko‘tardi, qarasa, tagida ming dirham pul bor edi. 
- Uni olib, ust-boshingni tartibga keltir, - dedi Abu Hanifa.   
Shunda, - men o‘zimga to‘qman,- dedi haligi kishi,- Alloh menga boylik, mo‘lchilik ato qilgan. Bu pullaringizga ehtiyojim yo‘q. 
Bu so‘zlarni eshitgach, Abu Hanifa (r.h.) haligi kishiga: 
- Alloh taolo senga boylik va farovonlik ne'matini ato qilgan ekan, Qani U bergan ne'matlarning asari?! Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Albatta Alloh O‘z bandasining ustida unga bergan ne'matining asarini ko‘rishni sevadi», - degan so‘zlari senga yetib kelmaganmi? Hamonki, boy ekansan, o‘zingni tartibga keltirib, ust-boshingga qarab yurishing darkor. Toki, o‘z yaqinlaringni g‘amga botirmagaysan,-  deya nasihat qildi.
Alloh taolodan barchamizni taqvo libosi ila ziynatlashini, xato-yu kamchiliklarimizni esa O‘zining satri ila berkitishini so‘rab qolamiz. 

Mavzuga oid