Jamiyat | 15:20 / 19.09.2024
15579
6 daqiqa o‘qiladi

“Yuridik universitetga 4 ball yetmadi, shunda ham 317 mln so‘m to‘lashim kerak ekan” - Super kontraktda nima o‘zgardi?

Shu yildan kuchga kirgan tartibga ko‘ra, abituriyent o‘zi tanlagan 2–5-OTMlardan biriga o‘qishga qabul qilinsa, birinchi OTMda ayrim shartlar asosida superkontraktda o‘qiy oladi. Bu yangilik biroz tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: O‘zA

Kun.uz'ga Toshkent davlat yuridik universitetida super kontrakt asosida o‘qimoqchi bo‘lgan abituriyent murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil o‘qishga topshirib, kontrakt asosida o‘zi tanlagan 4-oliygohga qabul qilingan. Lekin u super kontrakt asosida o‘z ro‘yxatidagi 1-OTM – Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qimoqchi bo‘lgan.

Abituriyent TDYuUning yurisprudensiya yo‘nalishi, kunduzgi ta’lim shakli, rus guruhiga o‘qishga topshirgan. Bu yo‘nalishda o‘tish balli 159,6 ball bo‘lgan. Abituriyent esa 155,6 ball to‘plagan. Bu yo‘nalishga kirish uchun unga roppa-rosa 4 ball yetmagan.

“1-tanlagan OTMga murojaat qilganimda ular men super kontrakt asosida kontraktning 3 baravar miqdorini to‘lab, o‘qiy olmasligimni, 19 baravar kontrakt to‘lashim kerakligini yoki hozirgi kirgan OTMda o‘qishim kerakligini aytmoqda”, – deydi abituriyent.

Unga universitet tomonidan berilgan to‘lov kontrakt shartnomasining 2.2 bandida “ushbu kontrakt bo‘yicha ta’lim oluvchini bir yillik o‘qitish uchun to‘lov 317,205,000.00 so‘mni (stipendiyasiz) tashkil etishi” belgilangan.

Shartnomadagi 2.2. band

Ammo 2.3 bandida ta’lim muassasasida qo‘shimcha qabul Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.

Yuridik universitet e’lon qilgan 2024-2025 o‘quv yili uchun to‘lov kontrakt miqdorlari haqidagi xabarda keltirilishicha, kunduzgi ta’lim shakli uchun kontrakt summasi 16 695 000 so‘m etib belgilangan. Demak, agar yuqoridagi keysda abituriyentga 4 ball yetmagan holda u kontraktning 3 barobari, ya’ni 50 085 000 so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi. Ya’ni, to‘lov shartnomada nazarda tutilganidek 317 mln so‘m emas.

Abituriyentning ma’lum qilishicha, bu masala bo‘yicha universitetga murojaat qilganida, unga “qandaydir protokol asosida shunday summa hisoblangani”ni aytishgan.

“Ammo protokolni bizga ko‘rsatishmadi. Men rektor nomiga kontraktni shartnomaning 2.2 bandiga muvofiq 317 mln so‘m miqdorida to‘lashim kerakmi yoki 2.3 bandiga muvofiq 50 mln so‘mmi, degan so‘rov bilan ariza yozdim. Agar qandaydir protokol bo‘lsa, nega u shartnomada nazarda tutilmagan va 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar kontrakt summasining 3 barobari miqdorida to‘lashi kerakligi ko‘rsatilgan. O‘zi bu qanaqa protokol, Adliya vazirligining xulosasi bormi?” – deydi murojaatchi.

Kun.uz holat yuzasidan TDYuU matbuot kotibi Jahongir Haydarovga savollar yubordi. U Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligidan aniq ma’lumot olingach, abituriyentlarga aytilgan protokol borasida ma’lumot berilishini bildirdi.

O‘z navbatida, OTFIV matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova Kun.uz so‘roviga asosan, joriy yildan tartib o‘zgargani haqida ma’lum qildi.

Vazirlik 5 sentabrda e’lon qilgan xabarida aytilishicha, Davlat komissiyasi bayoniga asosan, kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra, ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berilgan. (Ilgari abituriyentlar faqat o‘zlari o‘qishga kirgan yo‘nalishdagina o‘qishi mumkin edi.)

Bu holatda abituriyent to‘plagan balli birinchi ta’lim yo‘nalishida to‘lov-kontrakt asosidagi o‘tish ballidan past bo‘lishi lozim. Bunda kontrakt summasini hisoblash Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdorlari asosida amalga oshiriladi. Bunda yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan miqdor bazaviy kontraktning 19 barobarini tashkil qiladi.

Bu shuni anglatadiki, agar abituriyent tanlagan birinchi yo‘nalishiga balli yetmagan bo‘lsa va u 2-5-yo‘nalishlardan biriga qabul qilingan bo‘lsa, bunday holatda birinchi yo‘nalishga necha ball yetmaganidan qat’i nazar, 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam bo‘lmagan holatdagi kabi super kontrakt to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu ayrim yo‘nalishlarda to‘lov kontrakt miqdorining 6 barobari, ayrimlarida esa 19 barobarini tashkil qiladi. Masalan, yurisprudensiyada 19 barobar.

Bu yerda asosiy masala – abituriyentning 2-5 yo‘nalishlardan biriga o‘qishga qabul qilinganida. Agar abituriyent beshala yo‘nalishdan hech biriga o‘qishga kirolmaganida, o‘zi tanlagan istalgan yo‘nalishga 4,05 ballgacha yetmagan taqdirda kontraktning 3 barobarini to‘lab o‘qishi mumkin bo‘lardi.

Yuqoridagi keysda abituriyent o‘zi tanlagan OTMlar ichidan to‘rtinchisiga o‘qishga qabul qilingan. Endi u birinchi yo‘nalishda o‘qimoqchi bo‘lsa, kontraktning 3 barobarini emas, 19 barobarini to‘lashi kerak. Lekin bu yerda tushunmovchilik shundaki, TDYuU abituriyentga taqdim etgan to‘lov shartnomada bunga oydinlik kiritilmagan va shartnomadagi 2.2 hamda 2.3 bandlar bir-birini inkor qilgan.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Mavzuga oid