O‘zbekiston | 18:23 / 28.04.2026
4821
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada Gulnora Karimovaga nisbatan sud vaqtincha to‘xtatildi

Shveytsariyada pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishining Gulnora Karimovaga oid qismi ish yurituvdan to‘xtatildi. U sud protsessida ishtirok etmayotgani tufayli shunday qarorga kelindi.

Foto: Valeriy Levitin / RIA «Novosti»

Sudyalarning qayd etishicha, ayblanuvchining Shveytsariyaga kelishini ta’minlash uchun imkon doirasidagi barcha choralar ko‘rilgan.

Jumladan, 2024 yil avgust oyida sud vakillari O‘zbekistonga borib, O‘zbekiston Oliy sudi rasmiylari bilan Karimovani Shveytsariyadagi sudga jalb qilish imkoniyatini muhokama qilgan. 2026 yil yanvar oyidagi ikkinchi tashrifda esa, O‘zbekiston sudi bu so‘rovga uzil-kesil rad javobini bergan.

“Bugun Shveytsariya Federal jinoyat sudi tomonidan mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga chiqarilgan ishni to‘xtatish qarori – Shveytsariya qonunchiligi bo‘yicha oqlash bilan barobar”, – dedi advokat Greguar Manja.

Karimovaga aloqador mablag‘lar masalasi hozircha ochiq qolmoqda. Sudning qayd etishicha, bu pullarni musodara qilish imkoniyati kelgusi jarayonlarda ko‘rib chiqiladi.

Mazkur ishdagi ikkinchi sudlanuvchi – Gulnora Karimovaning biznes sherigiga (Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’basi sobiq rahbari ekani aytiladi) oid qismi ham to‘xtatildi. Sudyalar uni ham sud bo‘layotgan Bellinzona shahriga yetib kelolmaydi, deb hisoblashmoqda, chunki bu shaxs emigratsiyada bo‘lib turgan Rossiyadan Shveytsariyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar 2022 yildan beri mavjud emas. Boshqa davlatlar orqali yetib borishiga esa, bu shaxsni hibsga olish to‘g‘risidagi xalqaro orderlar to‘sqinlik qiladi. Boz ustiga, bu shaxsga nisbatan Shveytsariyada ilgari surilgan da’vo muddati 2027 yil iyun oyida tugaydi, lekin aviaqatnovlar bu vaqtgacha ham tiklanishi kutilmayapti.

Shu bilan birga, ushbu ishdagi sudlanuvchilardan yana biri – Lombard Odier bankining sobiq xodimi ustidan sud protsessi davom etadi. Undan tashqari, bankning o‘zi ham korporativ javobgar sifatida pul yuvishga qarshi qoidalarga lozim darajada amal qilganini ko‘rsatib berishi kerak. Bu ikki javobgarning suddagi ishtiroki uchun to‘siqlar yo‘q.

Shveytsariya Federal jinoyat sudida O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish 27 aprel kuni boshlandi. Prokuraturaning 2023 yildagi ayblov xulosasida Karimova pora olish, pul yuvish va “Ofis” nomli jinoiy tarmoqqa rahbarlik qilishda ayblangan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid