Jamiyat | 15:50 / 04.05.2016
33481
4 daqiqa o‘qiladi

3 may kuni «Grin kard» lotereyasi natijalari e'lon qilindi

AQSh hukumatining «Grin kard» yoki «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi» lotereyasi natijalari bilan 3 may kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 dan e'tiboran onlayn tartibda tanishish mumkin bo‘ldi.

Green Card o‘zi nima? Bu – Amerikada yashash huquqini beruvchi hujjat. Uni qo‘lga kiritishning turli yo‘llari mavjud, jumladan, lotoreyada g‘olib bo‘lish. Ushbu lotoreya AQSh Davlat Departamenti tomonidan yilda bir marta rasman o‘tkaziladi.

Amerika hukumati «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi» dasturi orqali 50 ming nafar doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil mobaynidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq vizalar miqdori belgilanadi.

Green Card lotoreyasi javoblari bahorda, to‘g‘rirog‘i may oyining boshida ma'lum bo‘ladi. Unda ishtirok etish uchun avvalgi qabul qilish davrida (muddati, odatda, oktabr oxiri yoki noyabr boshida tugaydi) ariza topshirish kerak. 

Lotoreya o‘yinini AQSh Davlat Departamenti bo‘limlaridan biri bo‘lmish Kentucky Consular Center (KCC) o‘tkazadi. Aynan KCC loltoreyani tashkillashtiradi va g‘oliblar bilan ishlaydi.  

O‘tgan galgi Green Card lotoreyasida 5091 nafar o‘zbekistonlik g‘olib bo‘lgan. Shu paytgacha esa 28245 nafar odam lotoreyada yutib chiqqan. 
Xo‘sh, o‘yinda ishtirok etganlar javoblarni qanday bilishlari mumkin? 

Ariza topshirilgan paytda taqdim etilgan ariza raqami (Confirmation Number) orqali rasmiy https://www.dvlottery.state.gov/ saytida aniqlash mumkin. 
https://www.youtube.com/watch?v=sZSjGXOusVY manzilida esa video ko‘rinishida ko‘rsatma berilgan. 

Ariza raqami 16 belgidan iborat bo‘ladi. Agar siz ariza raqamingizni bilmasangiz, uni tekshirish mumkin emas. Ariza raqami har bir ishtirokchida bo‘ladi, agar uni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsangiz, https://www.dvlottery.state.gov/ saytida qayta tiklash mumkin. 

Ariza raqamini (Confirmation Number) g‘oliblik raqami (Case Number) bilan adashtirmaslik lozim. 

G‘oliblik raqami 14 belgidan iborat, birinchi 4 son – bu lotoreya raqami, keyin mintaqani anglatuvchi 2 ta harf (masalan, UZ), keyin bir nechta nol va oxirida g‘olibning tartib raqami. 

Misol uchun, ariza raqami ushbu ko‘rinishda: 20111O0DZWY3DOV9, g‘olib raqami esa bunday: 2011EU00009999 bo‘lishi mumkin. 

Ariza raqamida o‘xshash belgilar – 0 (son) va O (harf) uchrashi mumkin. Ularni adashtirmaslik uchun 0 soni lotoreya raqamida (ariza raqamidagi birinchi to‘rtta son) qanday yozilgani bilan solishtirib olish kerak bo‘ladi. Shuningdek, boshqa o‘xshash belgilar ham uchraydi: 1 (son), l (lotincha kichkina “L”) va I (lotincha katta “i”). Agar ishonchingiz komil bo‘lmasa, ularni qayta tekshirishdan erinmang. 

“Familiya” qatorida faqatgina familiyani ko‘rsatish lozim (ism, otasining ismi kerak emas!). 

Agar kiritilgan ma'lumot noto‘g‘ri (The information entered is not valid) degan javob kelsa, barcha kiritilgan ma'lumotlarni qayta tekshirib chiqish va to‘g‘irlash kerak.

Mavzuga oid