Jahon | 21:59 / 24.05.2016
9896
1 daqiqa o‘qiladi

Kurd bo‘linmalari IShID poytaxtiga yurish boshladi

Kurd jangchilari bo‘linmalari Suriya muxolifati tarkibidagi arab guruhlari bilan birgalikda IShID poytaxti hisoblanadigan Raqqa shahriga hujum boshlagan.

Xabar qilinishicha, 30 ming jangchini birlashtirgan Suriya demokratik alyansi kuchlari Raqqa shahri atrofi bo‘ylab joylashgan va o‘t ochishni boshlagan.

Alyans vakilining ma'lumotiga ko‘ra, hujumlar AQSh boshchiligidagi aviatsiya ko‘magida olib boriladi.

23 may kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiya tomoni Raqqani ozod qilish amaliyotida kurd bo‘linmalari va AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgandi.

O‘tgan haftaning shanba kunida esa AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlar qo‘mondoni general Jozef Votel Suriyaga tashrif buyurgani va terrorchilarning norasmiy poytaxti Raqqaga hujumni muhokama etgani haqida ma'lum qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish