Inson jonining bahosi bormi?
Zigmund Freydning fikricha, insonlarda o‘zining haqligini urush yo‘li bilan isbotlash – tug‘ma instinktdir.
Olim dunyoda mutlaq tinchlikning o‘rnatilishini xom xayol deb hisoblagan. Yana bir tadqiqotchi Edmund Lorents tinchlik – keyingi urush oldidan nafas rostlash deb ta'kidlagan. Balki inson, chindan, urushlarda yashash, urushlarda nobud bo‘lishga mahkumdir?.. Jumboq haqida bosh qotirgan sari, yechim uzoqlashib borayotganday tuyuladi. Balki, shuning uchundir, Haqiqat ko‘pincha xayol va hayot orasida qolib ketadi. Unutishga urinayotganingiz – savol esa xayolot ko‘chalarida Sizni izma-iz ta'qib qilib kelaveradi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da, “urush”ga quyidagicha ta'rif beriladi: “Urush – qabilalar, davlatlar yoki ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi uyushgan qurolli kurash”.
Biroq urush faqatgina yuqoridagilar o‘rtasida bo‘ladimi? Agar uning davlatlar miqyosida olib borilishini qo‘ya tursak, “urush”ning tub mohiyatida nima qoladi? “Urush” so‘zining negizi – “ur”. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga asosan, “ur”, ya'ni “urmoq” – qo‘l yoki biror boshqa vosita bilan zarb bermoq, do‘pposlamoq, kaltaklamoq”, deya qayd etilgan. Agar ikki yoki undan ortiq kishi bir-birini kaltaklasa, bir-birini “urishdi” deymiz. Demak, urishmoq – bu ko‘plashib do‘pposlashmoqdir. “Urishmoq”dan ot yasasak, “urish”, talaffuzga moslashtirsak “urush” hosil bo‘ladi. Demak, bu jarayon davlatlar o‘rtasida kechishi shart emas, tomonlar bir-biriga aziyat keltirsa bas – urush. Zotan, bu so‘zning o‘zini aytishdan cho‘chisak ham, o‘zimiz bilmagan holda uning ma'nodoshlarini kundalik hayotimizda tez-tez qo‘llaymiz. Ikki kishi sen-menga borib qolsa, mojaro vujudga keldi, deymiz. Gazak olib ketsa, janjalga aylangan bo‘ladi. Sabablar haqida gapirganda, qarashlar, qiziqishlar, manfaatlar to‘qnashuvini tilga olamiz. Bir-birini tushunishmaganiga yo‘yib tushunmovchilik, kelishuvga erishilmasa kelishmovchilik deymiz. Diplomatik tilda esa bularning barchasi bir so‘z bilan ziddiyat bo‘ladi. Hammasining zamiridagi ma'no – raqibga zarba berish, xoh jismoniy bo‘lsin, xoh ruhiy bo‘lsin – mavh etish yotadi.
Ha, odamzotning yaqin va uzoq o‘tmishdagi jamiki yo‘qotishlari milliardlarga teng bo‘lsa-da, qurollanish poygasiyu uning pirovard natijasi bo‘lgan urushlarga hanuz barham berilgani yo‘q. Vaholanki, qirg‘inbarot muhorabalari bilan tarixga kirgan Ikkinchi jahon urushida yaqinlaridan judo bo‘lib, hamon o‘sha yillar alami bilan yashab kelayotgan odamlar oramizda ko‘p. Nahotki o‘sha jabrdiydalar qarshisidagi qarzdorlik hisi insoniyatni tinchlik uchun kurashishga undamasa? Axir, Birlashgan millatlar tashkilotini tuzishdan maqsad tinchlikka erishish emasmidi? Bugun dunyoda 100ga yaqin xalqaro tashkilotlar borki, bosh vazifasi tinchlik va barqarorlik uchun kurashishdir. XX asrning ikkinchi yarmidan to bugunga qadar bo‘lgan davrni hisobga oladigan bo‘lsak, 50dan ortiq xalqaro shartnoma urushlarning oldini olish uchun tuzilgan. Xo‘sh, nima uchun o‘sha tinchlik sulhlarini imzolagan davlatlarning o‘zlari kelishuvga amal qilmaydi? Nima uchun zo‘r berib qurol-aslahani ishlab chiqaradi? Ma'lumotlarga qaraganda, so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarining qurollanishga sarflagan mablag‘lari 1 trillion dollarga yetdi! Shunday ekan, tinchlikni ta'minlashi nazarda tutilgan o‘sha xalqaro tashkilotlar nima uchun tuzildi? Nima uchun ular o‘z vazifalarini bajarmaydi? Nima uchun jamiki qurollarni yo‘q qilish talabini davlatlar hukumatlari oldiga qo‘yishmaydi? Juda bo‘lmaganda, qirg‘in qurollarining yangilari yaratish to‘xtatilmaydi?
Bugun dunyoning 24 mamlakatida urush harakatlari davom etmoqda. Somali, Iroq, Ukraina, Nigeriya, Afg‘oniston, Kolumbiyada fuqarolik urushlari ayni avjida. Kashmir, Tog‘li Qorabog‘, G‘azo sektori hududlari esa davlatlaro nizolarning o‘chog‘i bo‘lib kelmoqda. Hatto urush harakatlari bo‘lmayotgan mamlakatlarning ham u yoki bu tomon kuchlarining tarafdori sifatida urushlarga aralashishiga to‘g‘ri kelmoqda. “Ikki eshik orasi” romani qahramoni Oqsoqolning aytgan gapi doim esimda turadi: “Hayot imoratidan g‘isht qo‘porib ketishni istaytigan odamlar har doim topiladi”. Ana shunday kuchlar hohish-irodasiga ko‘ra bugun dunyo aholisi ikki jangovar lager – musulmonlar va anti-islomistlarga ajralish bo‘sag‘asida turibdi. Germaniyada esa yaqinda Adolf Gitlerning “Mayn kampf” kitobi qayta chop etildi. Buni qanday izohlash mumkin? Shu kitobda ilgari surilgan chirkin g‘oya orqasidan yostig‘i qurigan millionlab kishilarning to‘lagan badali – bevaqt uzilgan hayotlarining qadri yo‘qmi? Ikkinchi jahon urushida jon taslim qilgan, bedarak yo‘qolgan, nogiron bo‘lganlarning haqqi-hurmati bu kitob chop etilmasligi kerak emasmidi? Biroq chop etildi. Endi, ayting-chi, inson jonining bahosi bormi? Bor bo‘lsa, nima uchun uni bu qadar arzon baholashadi?!
Mohlaroyim QAYuMOVA
Mavzuga oid
10:30 / 03.10.2024
Putin urushda qatnashayotgan sudlanuvchilarni jazodan ozod qildi
08:50 / 02.10.2024
Rossiyada sudlanuvchilarning 40 foizini TIZOdan urushga olib ketish rejalashtirilyapti
18:02 / 27.09.2024
“Yerdagi jahannamga o‘xshaydi”. Sudanning Tavila shahrida kuniga o‘nlab bolalar ochlikdan o‘lmoqda
16:10 / 25.09.2024