Jahon | 18:21 / 12.07.2016
8432
2 daqiqa o‘qiladi

XXR Janubiy-Xitoy dengizidagi bir qator orollarga egaligini e'lon qildi

foto:© AP Photo

Xitoy TIV bayonotida aytilishicha, Xitoy Janubiy-Xitoy dengizidagi bir necha orollar ustidan suverenitetga egadir. 

12 iyul kuni Haaga hakamlik sudi Xitoyning Janubiy-Xitoy dengizidagi orollarga qilayotgan hududiy da'volari uchun asos topa olmagani bois, rasmiy Pekin ularga haqli emas, degan xulosaga kelgan edi. Sud qaroriga ko‘ra, XXR Spratli arxipelagidagi iqtisodiy hududga da'vogarlik qila olmaydi. 

Xitoy TIV byonotida aytilishicha, XXR xitoy xalqi va hukumatining tarixiy tajribasi hamda mamlakatning hozirgi hukumati siyosati, xalqaro va ichki qonunlar, xususan "BMT dengiz huquqi Konventsiyasi" asosida Janubiy-Xitoy dengizining qator orollariga da'vo qilish huquqiga ega. 

"Xitoy Dunsha oroli, Sisha (Parasel) arxipelagi, Chjunsha va Nansha (Spratli) orollari ustidan suverenitetga egadir", — deyiladi XXR TIV bayonotida. 

Unda shuningdek, Xitoy Janubiy-Xitoy dengizining ichki va hududiy suvlari hamda uning yon-atrofidagi hududlariga suveren huquqlarga egaligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, Xitoy Nansha (Spratli) arxipelagidagi alohida iqtisodiy hududga haqli ekani ta'kidlangan. 

2013 yil yanvarida Filippin hukumat birtomonlama asosda Xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilib, Janubiy-Xitoy dengizidagi ayrim hududiy tortishuvlarga oydinlik kiritishni so‘ragan edi. Xitoy dastlab, ariza birtomonlama berilgani va mahkamaning hududiy tortishuvlarni hal etish bo‘yicha vakolatin yo‘qligini aytib, sud majlislarida qatnashishdan bosh tortib keldi. 

Filippin tomoniga ko‘ra, rasmiy Manila Xitoy bilan muzokaralar o‘tkazish vositasida tortishuvga barham berishga bir necha marotaba uringan. Biroq, ular har doim omadsizlikka uchragach, Xalqaro hakamlik hay'atiga arz qilishga majbur bo‘lgan. 

 

Mavzuga oid