Jahon | 12:47 / 14.07.2016
5691
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada Tereza Mey hukumati: yangi mexanizmni kimlar harakatlantiradi?

Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Tereza Mey Birlashgan Qirollikning yangi hukumatini shakllantirdi. Shunga muvofiq hukumatning yetakchi lavozimlariga ko‘zga ko‘ringan shaxslarni tayinladi. Ular orasida qirollikni YeI tarkibida qolishni istaganlar ham bor, istamaganlar ham.

Xammond uchun moliya vazirligi

Hukumatning ikkinchi yirik postidan Devid Kemeronning “o‘ng qo‘li” hisoblanmish Jorj Osborn ketkazildi.

Bu lavozimga ilgari Buyuk Britaniya TIV rahbari sifatida faoliyat yuritgan Filip Xammond tayinlandi.

Xammond uchun bu hukumatdagi birinchi yuqori mansab emas. U mamlakat TIV rahbari bo‘lishidan oldin mudofaa vaziri, undan ham oldin esa transport vaziri sifatida faoliyat yuritgan. O‘tgan yili OAV Xammondni Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi tarafdori sifatida e'lon qilgan edi, ammo yakunda buning aksi ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Borisning qaytishi

Aytish mumkinki, eng shov-shuvli tayinlash bu London sobiq merining mamlakat TIV rahbari sifatida e'lon qilinishi bo‘ldi. Chunki Boris Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi kampaniyasiga boshchilik qilgan edi. Hatto u bosh vazir lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surgan edi. Biroq Brexit tarafdorlari ichidagi qarama-qarshilik sabab, o‘z nomzodini qaytib oldi.

U yorqin yevroskeptik va AQSh-Buyuk Britaniya ittifoqligini eng yuqori darajada qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘p bor tilga olingan. Boris hatto London merining merosxo‘ri sifatida Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg nomini e'tirof etgan.

IIVda tag‘in ayol rahbar

Meyning o‘zi olti yil davomida faoliyat yuritgan IIV rahbari lavozimiga yana ayol kishi saylandi. Energetika va iqlim o‘zgarishi muammolari sobiq vaziri Amber Radd ana shu postni egalladi.

Radd Edinburg universitetini tamomlagan. Uzoq vaqt mobaynida bank va investitsiya biznesi sohasida ish olib borgan. Shundan so‘ng moliyaviy mavzularni yorituvchi jurnalist sifatida ishlagan. U qirollikni Yevropa Ittifoqida qolishini faol yoqlab chiquvchilar safida bo‘ldi.

Brexit ishlari bo‘yicha vazir

Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqish sabablari muzokarasini olib borish Devid Devis zimmasiga yuklangan edi. 64 yoshli siyosatdon Brexit ishlari bo‘yicha vazirlikda rahbarlik qilayotgan edi. Endi uning zimmasiga yanada mushkul ishlar tushdi. Devid Qirollikni YeIdan chiqishi shartlari va mamlakatni umumiy bozorga kira olish imkonini saqlab qolish masalasida Bryussel bilan muzokaralar o‘tkazishi lozim bo‘ladi.

Devis ilgari qo‘lga kiritgan eng yuqori mansab 90-yillarda Britaniya TIVda Yevropa masalalari bo‘yicha davlat vaziri martabasi bo‘lgan. Bu TIV rahbari o‘rinbosari lavozimi bilan bir xil edi. U 2000 yillarning birinchi yarmida ichki ishlar vazirligining soyadagi rahbari sifatida ishladi. Devis bosh vazir kurashida Devid Kemeronga yutqazib qo‘ygan edi.

Vazirlar mahkamasida Devisning hamkasbi sifatida yana bir yevroskeptik Liam Foks faoliyat yuritadigan bo‘ldi. Yangi hukumatda 54 yoshli Foks tashqi savdo vaziri sifatida ish boshlaydi.

Mudofaa vazirligida hech narsa o‘zgarmadi

O‘z mansabini saqlab qolgan yagona yuqori lavozimli amaldor sifatida mamlakat mudofaa vaziri Maykl Fellonni aytib o‘tish kerak. Konservativ partiya a'zosi, 64 yoshli siyosatdon ushbu lavozimda 2014 yildan beri faoliyat ko‘rsatib keladi. U o‘z ishini Filip Xammond o‘rnida boshlagan edi. Maykl Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqib ketishiga xuddi yangi bosh vazir singari qarshi chiqqan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid