Iqtisodiyot | 12:47 / 18.07.2016
6973
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston banklari faol mablag‘lari 73,4 trln so‘mga yetdi

O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining umumiy kapitali o‘tgan yilning 1 iyul holatiga nisbatan 23,3 foiz oshib, 2016 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 8,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu, bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi belgilangan xalqaro me'yorlardan qariyb 3 barobar ko‘pdir.

Bank tizimining joriy likvidlik darajasi esa bir necha yildan buyon 64,5 foizdan yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham jahon amaliyotida umumqabul qilingan minimal darajadan 2 barobar ortiqdir. Umuman, tijorat banklari aktivlari o‘tgan yilning 1 iyul holatiga nisbatan 25,1 foiz o‘sib, bugungi kunda 73,4 trln. so‘mga yetdi, deb xabar qilmoqda Markaziy bank axborot xizmati. 

Yarim yillik natijalari, banklarning kreditlari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda katalizatorlik qilayotganini isbotlamoqda.

Xususan, hisobot davrida iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi o‘tgan yilning 1 iyul holatiga nisbatan 26,2 foiz ko‘payib, 2016 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 48 trln. so‘mdan oshib ketgan.

Banklarning investitsiya maqsadlariga ajratilgan investitsion kreditlari hajmi 5,8 trln. so‘mni tashkil qildi va bu ko‘rsatkich 2015 yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobar oshiq bo‘ldi.

Kichik biznes subektlariga o‘tgan olti oy davomida 8,3 trln. so‘m hajmida kreditlar ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2015 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir.

So‘nggi hisobotga ko‘ra, kreditlash shartlari bo‘yicha keyingi uch yilda mamlakatimiz reytingi 112 pog‘onaga, ya'ni 154-o‘rindan 42-o‘ringa ko‘tarildi.

Xususan, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yuqorilash 2013 yilda 24 pog‘ona, 2014 yilda 25 pog‘ona va 2015 yil yakuni bo‘yicha 63 pog‘onani tashkil etdi.

Mavzuga oid