Jahon | 10:03 / 04.08.2016
6683
2 daqiqa o‘qiladi

Klinton saylovchilar o‘rtasidagi nufuzi bo‘yicha Trampni 10 foizga ortda qoldirmoqda

AQSh prezidentligiga Demokratlar partiyasida nomzod bo‘lgan Hillari Klinton respublikachi raqibi Donald Trampni aholi orasidagi mashhurlik darajasi bo‘yicha ortda qoldirishda davom etmoqda. Fox News telekanali tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Klinton uchun saylovda ishtirok etish istagini bildirganlarning 49 foizi ovoz berishga tayyor, 39 foiz kishi esa Trampni yoqlaydi.

O‘tgan oyda Klinton uchun 44 foiz saylovchi o‘z ovozini berishini ma'lum qilgani holda, Tramp tarafdorlari 38 foizni tashkil qilayotgandi.

Bundan oldinroq, Ipsos kompaniyasi Reuters buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazgan so‘rovnoma yakunida bu borada Klinton xonim 43 foizga 35 foiz nisbatida Trampni ortda qoldirayotgani ma'lum bo‘lgandi.

O‘tgan haftadan beri Klinton Demokratik partiya s'yezdi muvaffaqiyatli o‘tgani evaziga "bonus" qo‘lga kiritgani aytilmoqda. Uning raqibi Tramp esa dam olish kunlari vaqtida yana bir mojaro girdobida qoldi, u halok bo‘lgan amerikalik musulmon askar oilasi bilan munozaraga kirishgani uchun tanqidlarga ko‘mildi.

AQSh prezidentligi uchun saylov shu yilning 8 noyabrida o‘tkaziladi.