Sport | 08:17 / 16.08.2016
9398
2 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi» va Konte Angliya chempionatini g‘alaba bilan boshladi

15 avgust oqshomida Angliya premer-ligasining 1-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yinda, «Stemford Brij» stadionida «Chelsi» va «Vest Hem» klublari kuch sinashdi. Derbi maqomidagi bu o‘yin mezbonlarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Birinchi bo‘limda «Chelsi» tashabbusga ega bo‘lsa-da, raqib darvozasini ishg‘ol eta olmadi.

Ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida mehmonlar himoyachisi Aspiliketaga nisbatan jarima maydoni ichida qo‘pollik qildi. Natijada bosh hakam penalti belgiladi. Eden Azar uni aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Shundan so‘ng «Vest Hem» jonlanib qoldi va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni sodir eta boshladi. 77-daqiqada hisob tenglashdi. Burchak zarbasidan oshirilgan to‘pni «Chelsi» himoyachilari qaytara olishmadi, uni egallab olgan Kollinz jarima maydoni ichidan darvozaga aniq zarba yo‘lladi - 1:1.

O‘yinning asosiy vaqti tugashiga sanoqli soniyalar qolganida mezbonlar hujumchisi Diyego Kosta chamasi 25 metr masofadan kuchli va aniq zarba yo‘llab, darvozaning uzoq, pastki burchagiga to‘pni kiritib yubordi - 2:1.

Shu tariqa Konte boshchiligidagi «Chelsi» Angliya chempionatini g‘alaba bilan boshladi.

Angliya chempionati. 1-tur.
15 avgust. London. «Stemford Brij»

«Chelsi» – «Vest Hem» 2:1 (0:0, 2:1)
Gollar: Azar (47 pen), Diyego Kosta (89) – Kollinz (77)

Chelsi – Kurtua, Keyxill, Aspilikueta, Ivanovich, Terri, Kante, Matich, Oskar (Batshuayi, 85), Villian (Pedro, 80), Azar (Mozes, 85), Diyego Kosta.
Vest Hem – Adrian, Kollinz, Rid, Masuaku, Kuyate, Antonio (Bayrem, 52), Nobl, Nordtveyt (Payyet, 67), Ayyu (Tere, 35), Valensiya, Kerroll.
Ogohlantirishlar: Kante (3), Diyego Kosta (19), Kollinz (21), Antonio (46), Aspilikueta (75), Pedro (90).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid