O‘zbekiston | 15:37 / 19.08.2016
6734
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya O‘zbekistonga suv resurslarini boshqarish bo‘yicha loyiha uchun mablag‘ ajratadi

O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida joriy yilning 16 avgust kuni “O‘zbekistonda suv resurslarini milliy boshqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi qishlov va suv xo‘jaligi vazirligi saytida ma'lum qilingan.

Shveytsariya Konfederatsiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan, umumiy qiymati 2,66 million AQSh dollarini tashkil qiladigan mazkur grant loyiha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2016-2018 yillar mobaynida amalga oshiriladi.

Loyiha to‘rtta: suv resurlarini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish; suv xo‘jaligi tashkilotlarining institutsional salohiyatini oshirish; suv bo‘yicha ma'lumotlar bazasini yaratishga ko‘maklashish; Shohimardonsoy havzasida aholini sel kelish xavfidan ertaroq ogoh etuvchi tizimni o‘rnatish yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.

Hukumatlararo kelishuvni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shavkat Hamroyev hamda Shveytsariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining o‘rinbosari Terri Umber imzolagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid