Fan-texnika | 23:10 / 25.08.2016
8416
2 daqiqa o‘qiladi

Xakerlar tomonidan Mail.ru’ning millionlab akkauntlari haqidagi ma'lumotlar o‘g‘rilandi

Mail.Ru Group kompaniyasi saytlarida ro‘yxatga olingan 25 mln ga yaqin akkaunt haqida ma'lumot noma'lum xakerlar tomonidan o‘g‘rilangan. CNET portali ma'lumotlariga ko‘ra, bu hujum ortida 2 xaker turgan bo‘lishi mumkin. 

Ta'kidlanishicha, xakerlar cfire.mail.ru saytidagi 12,8 mln, parapa.mail.ru’dagi 8,9 mln profil va tanks.mail.ru’dagi 3,2 mln profilga kira olgan.

Xakerlar qo‘liga foydalanuvchilar taxalluslari, elektron manzillari, parol va tug‘ilagn kunlari haqidagi ma'lumot tushgan. Taxmin qilinishicha, xakerlar shuningdek ba'zi buzilgan akkauntlar egalarining IP-manzillari, joylashgan joylari va telefon raqamlari haqidagi ma'lumotlarni bilib olishgan.

Xakerlar ma'lumotlarga kirish uchun yuqorida aytilgan saytlarda qo‘llangan vBulletin dasturidagi zaif joydan foydalanishgan. Ta'kidlanishicha, akkauntlari buzilgan  ko‘plab foydalanuvchilar parol sifatida "123456789" kabi parollardan foydalanishgan. Bu parollarni brutfors usulida oson aniqlash mumkin.

Xakerlar o‘g‘rilagan ma'lumotlarni chop etgan LeakedSource.com portalida hujum avgust boshida amalga oshirilgani aytilgan.

May oyi boshida pochta servislarining 272,3 mln foydalanuvchisi haqida ma'lumotlar oshkor bo‘lgani ma'lum qilingandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, xakerlar shu jumladan Mail.ru’ning 57 mln ta pochta qutisiga kira olgan.

 

Mavzuga oid