Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ruslan Nuriddinov: Prezidentimiz xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xotirasi har birimizning qalbimizda mangu yashaydi. Butun xalqimiz Prezidentimiz vafotidan chuqur qayg‘uda. Riodagi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Ruslan Nuriddinov ham shular jumlasidandir. Sportchi O‘zA muxbiriga bergan intervyusida bu borada o‘ziining kechinmalari bilan bo‘lishdi.
– Yurtboshimiz Islom Karimovdek xalqparvar, bolajon, yoshlarni «Mening farzandlarim!» deb bag‘riga bosib, cheksiz mehr-muhabbatini namoyon etadigan rahbar kam bo‘lsa kerak.
Men mamlakatimiz mustaqilligi e'lon qilingan 1991 yili tug‘ilganman. Mustaqil davlatimiz bilan birga o‘sdim, ulg‘aydim. Mana shu o‘tgan yigirma besh yilda men va men kabi barcha tengdoshlarim Prezidentimizning ulkan mehri va g‘amxo‘rligi og‘ushida voyaga yetdik. Nimani niyat qilsak, qalbimizda qanday ezgu maqsad bo‘lsa, barchasiga erishayapmiz. Bu mamlakatimizda zamonaviy ta'lim olishimiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, o‘z iqtidor va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasidir.
Braziliyada bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, Olimpiada rekordini yangiladim. Yurtboshimiz bu yutug‘imni yuksak baholab, 2016 yil 24 avgustdagi farmoni bilan meni «El-yurt hurmati» ordeniga munosib ko‘rdi.
Shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilar ekanman, Prezidentimiz ishonchini oqladim, yuzim yorug‘ bo‘ldi, endi Islom bobomiz bilan ko‘rishganda, musobaqada dunyoning manaman degan davlat vakillari bilan bellashdim, mening g‘alaba qozonishimda Sizning «Marrani baland oling, aziz farzandlarim! O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo‘lmaydi» degan da'vatingiz katta kuch berdi deyman, duosini olaman, deb niyat qilgandim. Afsuski, armon bo‘lib qoldi...
Yurtboshimizning bu da'vatlari yuragimizdan hech qachon o‘chmaydi va bizni yanada yuksak g‘alabalar sari ilhomlantiraveradi. Prezidentimiz xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.