Jahon | 18:58 / 20.09.2016
18368
2 daqiqa o‘qiladi

Atambayevning matbuot xizmati uning holati haqida ma'lumot berdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning sog‘ligi bo‘yicha jiddiy tashvishlanishga hojat yo‘q. Bu haqda RIA Novosti agentligi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Almaz Usenovga asoslanib xabar bergan.

Bundan oldinroq Qirg‘iziston davlati rahbari qisqa muddatli ta'tilga chiqqani haqida ma'lum qilingandi. U sentabr oxirigacha Turkiyada bo‘lib, tibbiy ko‘rikda bo‘ladi.

Qirg‘iziston prezidenti 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShga yo‘l olgandi. Samolyot Nyu-Yorkka uchish davomida Turkiyadagi Otaturk aeroportiga qo‘nganida prezident o‘zini yomon his qildi va ko‘kragidagi og‘riqdan shikoyat qildi.

Yuzaga kelgan muammo tufayli Qirg‘iziston prezidentining Nyu-Yorkka ishchi tashrifi bekor qilindi, u yerda u BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida umumiy munozaralarda qatnashmoqchi edi.

"Prezidentning ahvoli yaxshi. U ta'tilda. Uning sog‘ligiga xavf yo‘q", — degan matbuot kotibi.

U RIA Novosti muxbiri savollariga javob qaytarar ekan, prezidentning qachon ishga chiqishi borasida aniq ayta olmagan.

"Ertaga ko‘ramiz", — degan u.

Bundan oldingi xabarlarda Atambayevning rasmiy ta'tili 1 oktabrgacha cho‘zilishi mumkinligi aytilgandi.

Mavzuga oid