Iqtisodiyot | 21:00 / 21.09.2016
16236
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ng‘irot soda zavodining ikkinchi navbati ishga tushirildi

Qo‘ng‘irot soda zavodining ikkinchi navbati ishga tushirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Endi korxona yiliga 200 ming tonna eksportbop mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. 

Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil 15 dekabrdagi “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan mazkur loyihaga 104,4 million dollarlik investitsiya jalb etildi. 

Iqtisodiy salohiyati yanada yuksalgan korxonada rangli metallurgiya, shisha, qog‘oz va sellyuloza, yuvish vositalari hamda yengil sanoatda keng qo‘llaniladigan kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshdi. 

– Zamonaviy texnologiya asosida jihozlangan korxonada qo‘l mehnatiga o‘rin qolmadi, – deydi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” unitar korxonasi ishchisi Botir Muratboyev. – “Aqlli texnika”lar ishtirokidagi ishlab chiqarish jarayoni kompyuter markazidan turib boshqariladi. Bu xavfsiz va qulay mehnat sharoitini yaratib, ish unumini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahalliy xomashyolarni kompleks qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan alohida e'tibor samarasida 2006 yilda ish boshlagan korxona yiliga 100 ming tonna soda ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2012 yilda korxonada 97 ming 800 tonnadan ortiq import o‘rnini bosuvchi, yuqori sifatli soda ishlab chiqarildi. Korxonaning ikkinchi navbati ishga tushirilishi tufayli dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan ushbu mahsulot ishlab chiqarish hajmi yanada oshadi. 

Xalqaro talablarga to‘la javob beradigan korxona mahsulotlari ichki bozordan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarga eksport qilinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2005 yil 13 apreldagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi uchun kadrlarni maqsadli tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent kimyo-texnologiya institutining maxsus sirtqi bo‘limi tashkil etilib, uning o‘quv-laboratoriya bazasi zavod hududida joylashtirilgani malakali mutaxassislar tayyorlashda keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu bilim maskanini bitirayotgan yoshlar korxonada mehnat faoliyatini davom ettirayotir. 

Ishchi-xizmatchilarning samarali mehnat qilishi, ishdan keyin maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, farzandlarining o‘qishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxonaning 1 ming 400 kishilik mehnat jamoasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. 

– Qo‘ng‘irot kimyo sanoati kasb-hunar kollejini tamomlab, mazkur korxonada ishlamoqdaman, – deydi Gulparshin Nurumbetova. – Hozir mahsulot sifatini nazorat qiluvchi laboratoriyada ishlash bilan birga korxona huzuridagi Toshkent kimyo-texnologiya institutining sirtqi bo‘limida 3-bosqich bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqdaman. Biz korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar jahon bozoriga eksport qilinayotganidan faxrlanamiz. 

Mavzuga oid