Jahon | 07:30 / 03.10.2016
6534
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning eng yirik shahriga millioner mer bo‘ldi

Braziliya sotsial-demokratik partiyasi a'zosi, tadbirkor-millioner Joau Doria Braziliyaning eng yirik shahri – San-Paulu meri etib saylandi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Oxirgi natijalarga ko‘ra, Doria mer lavozimi uchun saylovlarda 53 foiz saylovchilarning ovozini to‘play olgan va bu unga saylovda g‘olib bo‘lishni ta'minlagan. 

Braziliya sotsial-demokratik partiyasi o‘ng sentristik siyosatni yurgazadi va sotsial-liberallikni ilgari suradi.

Braziliyaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi raqamli shahari – Rio-de-Janeyroda saylovning 1-bosqichida g‘olib aniqlanmadi. Bu yerda shahar meri lavozimi uchun Braziliya respublika partiyasi nomzodi Marselu Krivella, "Sotsializm va ozodlik" siyosiy harakati nomzodi Marselu Freyshu hamda Braziliya demokratik harakati partiyasi nomzodi Pedru Paulu kurash olib bormoqdalar.

Saylovlar davomida Braziliya aholisi shaharlar merlari va qonunchilik hokimiyatining mahalliy organlariga deputatlarni saylashdi. Braziliyada ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar 144 mln dan ko‘proqni tashkil qiladi. Aholisi 200 mingdan ko‘proq shaharlar uchun ikkinchi bosqich saylovlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. U 30 oktabrda nomzodlardan birortasi birinchi bosqichda mutlaq ko‘pchilik ovozni to‘play olmagan aholi punktlarida bo‘lib o‘tadi.

 

Mavzuga oid