Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nokia yangi hamyonbop Android-smartfonlari bilan bozorga qaytadi
Nokia kompaniyasi 2016 yilning oxirida jahon bozoriga qaytadi. Insayderlarning ta'kidlashicha, kompaniya biryo‘la bir necha smartfonlarni taqdim qiladi. Hamyonbop modellardan biri haqidagi ma'lumot mashhur Geekbench benchmarkida paydo bo‘ldi.
Ishlab chiqaruvchi joriy yilda iPhone 7, Samsung Galaxy Note 7 va shu kabi boshqa smartfonlarga raqib bo‘la oladigan qurilmalarni namoyish qilmaydi. Nokia kompaniyasi oddiy va ishonchli byudjyet qurilmalarga urg‘u beradi. Kompaniyaning bir necha smartfon hamda bir yoki ikki planshet taqdim etishi kutilmoqda.
Benchmarkda Nokia D1C kod nomi ostidagi smartfon haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Mazkur qurilma bir yadroviy sinovda 656 ball, ko‘p yadroviy sinovda esa 3120 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Manbaga ko‘ra, smartfonga 8-yadroviy 64 bit'li Qualcomm Snapdragon chipseti o‘rnatilgan. Qurilmaning operativ xotirasi - 3 Gb. Ma'lum bo‘lishicha, smartfon Android 7.0 Nougat boshqaruvi ostida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning may oyida Nokia va HMD Global Oy (bu ham Finlyandiya kompaniyasi) o‘zaro shartnoma imzolashgan. Unga ko‘ra, HMD Global Oy kompaniyasi Nokia qurilmalarni ishlab chiqaradi. Afsonaviy ishlab chiqaruvchi 2014 yilda o‘z mobil biznesini Microsoft'ga sotgan. Bitimga ko‘ra, Microsoft 2016 yilning oxiriga qadar Nokia brendi ostida smartfonlar ishlab chiqarmaydi.