Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekspertlar: Halabdagi gumanitar karvonga “soxta hujum” uyushtirilgan
Foto: Reuters
Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhi mustaqil ekspertlari xulosalariga ko‘ra, BMTning Halabdagi gumanitar avtokarvoniga uyushtirilgan hujum avvaldan mukammal sahnalashtirilgan. RIA Novosti agentligi shu haqdagi maxsus hisobotni e'lon qilgan.
Ekspertlar OAVdagi xuruj haqidagi mavjud ma'lumotlarni va karvonni kuzatib borgan Rossiya droni yordamida olingan videolavhalarni o‘rganib chiqishgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hujum holati sahnalashtirilgan. Xususan, mashinalardan birining kabinasiga teginilmagan, o‘qlardan va bomba parchalaridan zararlangan yuk mashinalarining yonlari zang bilan qoplangan. Bundan tashqari, yo‘l holati ajoyib bo‘lgan, aviazarba bo‘lgan taqdirda yo‘llar ham vayron bo‘lar edi, deyishgan tahlilchilar.
Ularning qayd etishlaricha, agar gumanitar karvonga haqiqatdan ham havodan hujum uyushtirilganda mashinalar va yuk ortilgan konteynerlar portlash to‘lqinidan hech bo‘lmaganda ag‘darilgan bo‘lardi. Ekspertlar, shuningdek, karvon yonidagi binolarda bitta ham yoriqlar yo‘qligiga diqqat qilishgan.
«Dastlabki xulosaga ko‘ra, bu yerda yaxshi tayyorlangan sahna ko‘rinishi yoki soxta hujum haqida gap ketmoqda», — deyiladi hujjatda.
RIA Novosti agentligining diplomatik manbasi ma'lum qilishicha, mazkur hujjat Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhi kengashida Amerika vakillariga taqdim etilgan, biroq ular xulosalarni qabul qilishmagan.
Shu bilan birga, BMT o‘quv va ilmiy-tadqiqot instituti ekspertlari tashkilot tomonidan e'lon qilingan suratlarni o‘rganib chiqishgan, deb xabar qilmoqda Associated Press agentligi. UNOSAT dasturi xodimi Lars Bromlining bayonot berishicha, fotosuratlarni o‘rgangan tahlilchilar gumanitar karvonga havodan hujum uyushtirilgan, degan xulosaga kelishgan.
BMTning insonparvarlik yuklarini Suriyaning Halab shahriga olib ketayotgan gumanitar avtokarvoni 20 sentabrga o‘tar kechasi hujumga uchragan, unda 12 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi. AQSh fojiada Rossiya aviatsiyasini aybladi. Moskva bu ayblovlarni rad etgan bir vaqtda, Rossiya mudofaa vazirligi avtomobillar yonida jangarilar va Amerika hujum droni bo‘lganini isbotlovchi dalillarni keltirdi.
Mavzuga oid
15:22
Germaniyada Suriya rahbari ash-Shar’aning tashrifiga qarshi aksiyalar o‘tkaziladi
10:40
Suriya hukumati va kurdlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladi
17:30 / 18.01.2026
Suriya armiyasi kurdlar nazoratidagi hududga kirdi
15:27 / 14.01.2026