Jahon | 11:23 / 07.10.2016
14765
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya savollariga javob berishga tayyor

Foto: AP

AQSh o‘zi yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Suriya qo‘shinlariga zarbalari xususida Rossiya savollariga javob berishga tayyor. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk Amerika mudofaa ma'muriyatida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilgan.

"Mening bilishimcha, biz ruslarga qarshi hech narsa rejalashtirayotganimiz yo‘q. Agar ularda savollar bo‘lsa, javob berish uchun barcha choralarni qo‘llaymiz, biz boshqa savollarga ham javob berishga harakat qilganmiz", — degan Kuk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya armiyasiga berilgan havo zarbalari bilan bog‘liq hodisa o‘rganilmoqda, uning natijalarini oldindan aytish mushkul. 

Eslatib o‘tamiz, IShIDga qarshi xalqaro koalitsiya samolyotlari 17 sentabr kuni Dayr az-Zor aerodromi yaqinida terrorchilar qurshovida qolgan Suriya armiyasi kuchlariga havo zarbalari bergan edi. Suriya hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, 83 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam yaralangan. Ushbu zarbalardan so‘ng, IShID jangarilari Suriya armiyasi tomon hujumga o‘tgan. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi xalqaro koalitsiyaning Dayr az-Zordagi havo zarbalari xato tufayli berilganini tan olib, Suriya hukumatiga afsusini izhor qildi. 

Avvalroq, Rossiya TIV mazkur zarbalar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish zarurligi haqida bayonot bergan edi. Rossiya tomoni fikricha, ushbu havo zarbalari haqiqatdan ham xato tufayli berilganmi, yoki Bashar Asadni ag‘darish maqsadida qasddan terrorchilarga yordam berish uchun amalga oshirilganini aniqlash lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid