Jahon | 14:28 / 07.10.2016
14476
3 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik uchun Nobel mukofoti kimga berilishi ma'lum bo‘ldi

2015 yil uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santosga FARC tashkiloti bilan 52 yil davom etgan ziddiyatlarni bartaraf etishga urinishlari uchun beriladigan bo‘ldi.

26 sentabr kuni Kolumbiya hukumati nomidan prezident Xuan Manuel Santos va Inqilobiy qurolli kuchlar isyonchilari tomonidan sobiq isyonchilarning yetakchisi, ko‘proq Timoshenko laqabi bilan mashhur, Rodrigo Londono Echeverri 52 yillik urushdan so‘ng tinchlik haqidagi tarixiy bitimni imzoladi. Mazkur davr ichida 260 ming kishi halok bo‘lgan, yana olti million odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Lekin 2 oktabr kuni o‘tkazilgan referendumda kolumbiyaliklar Inqilobiy qurolli kuchlar isyonchilari bilan tinchlik bitimiga qarshi ovoz berdi.

Referendumda aholining 37,43 foizi qatnashgan. Tinchlik bitimiga qarshi jami 6,4 million kishi (50,21 foiz) ovoz bergan .

Mamlakat prezidenti Xuan Manuel Santos referendum yakuniga ko‘ra FARC bilan tinchlik bitimi mag‘lubiyatini tan oldi. U referendum natijalariga qaramasdan, Kolumbiya armiyasi va FARC o‘rtasida e'lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘z kuchida qolishini ta'kidladi.

Qayd etish kerakki, 2016 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga rekord sondagi da'vogarlar ilgari surilgandi. Nobel qo‘mitasiga jami 376ta ariza kelib tushgandi. Mukofotga da'vogarlar orasida 228 nafar kishi va 148ta tashkilot bor edi.

Ular orasida Rim papasi Frantsisk, kongolik shifokor Denis Mukvege, saudiya arabistonilik Raif Badaviy, aktrisalar Anjyelina Joli va Syuzan Sarandon, GFR kansleri Angela Merkel (muhojirlar muammosiga qarshi kurashi uchun), AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, uning eronlik hamkasbi Muhammad Javod Zarif va YeIning tashqi siyosat bo‘yicha vakili  Federika Mogerini, shuningdek, amerikalik agent Snouden nomlari bor edi.

Shved ixtirochisi Alfred Nobel istagiga ko‘ra, tinchlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun mukofot Stokgolmda emas, Osloda e'lon qilinadi va topshiriladi. Jami beshta yo‘nalishdagi laureatlarni taqdirlash marosimi esa doim bir kunda — 10 dekabr, Nobel vafot etgan sanada o‘tkaziladi.

Nobelning pul mukofoti qiymati 2016 yilda sakkiz million shved kronasini (932 ming AQSh dollari) tashkil etadi.

Mavzuga oid