Jahon | 23:41 / 08.10.2016
7660
2 daqiqa o‘qiladi

Parij yaqinida jinoyatchilar politsiyachilarni tiriklayin yoqib yubormoqchi bo‘ldi

Fransiyaning Viri-Shatiyon shahrida bir necha jinoyatchilar shaharning asosiy chorrahalaridan birida o‘rnatilgan telekuzatuv kamerasini qo‘riqlayotgan ikki politsiyachini tiriklayin yoqib yubormoqchi bo‘ldi. Bu haqda BFM TV telekanaliga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.   
      
Fransiya politsiya xodimlari kasaba uyushmasi vakili Nikolya Kontning aytishicha, jinoyatchilar politsiya mashinasidagi ikki politsiyachining chiqish yo‘lini berkitib, mashinaga yonuvchi aralashma solingan shisha idishni uloqtirganlar. Oqibatda politsiyachilar og‘ir kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilganlar.

"Shahar chorrahalaridan biriga o‘rnatilgan kamera avval ham bir necha marta jinoyatchilar tomonidan hujumga uchragan. Aynan shu joyda jinoyatchilar svetoforda to‘xtagan haydovchilarga hujum qiladilar. Ular haydovchilarni tunaydilar yoki ulardan mashina kalitini tortib olib, mashinani olib qochib ketadilar", deb tushuntirdi politsiyachi.  

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, bu hodisa birinchi marta bo‘lishi emas. Kamerani qo‘riqlagan avvalgi politsiya mashinasi ham yoqib yuborilgan. O‘sha hujumda 15 jinoyatchi chorrahada turgan patrulga hujum qilgan. Biroq politsiyachilar vaqtida yordam chaqirtirishga ulgurishgan va yengil jarohatlar bilan qutulib qolishgan.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev bo‘lib o‘tgan voqeani qoraladi va uni "politsiya xodimlariga jarohat yetkazishga qaratilgan jiddiy jinoyat" deb atadi. Uning ta'kidlashicha, yonuvchi aralashmali shisha idishni qo‘llash armiya qurolini ishlatishga tenglashtiriladi.

 

Mavzuga oid