Jamiyat | 12:34 / 12.10.2016
5892
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada o‘quvchi o‘zi ta'lim olayotgan maktabni yoqib yubordi

Foto: Telegraph

Buyuk Britaniyaning Bredford shahrida boshlang‘ich katolik maktabida ta'lim oluvchi o‘quvchiga o‘qituvchisi xayfsan e'lon qilgan. Bundan bolaning shu qadar jahli chiqqanki, u o‘ch olishni rejalashtirib, maktab binosiga o‘t qo‘ygan. Yong‘indan ko‘rilgan zarar taxminan 1 million funt sterlingni tashkil qildi. Bu haqida Daily Mail xabar berdi

Bredford shahrida o‘qituvchisidan tanbeh olib, o‘z g‘azabini jilovlay olmagan boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bir quti gugurt bilan maktab omboridagi qog‘ozlar uyumini yoqib yuborgan. 

O‘t o‘chiruvchilar anchagacha yong‘inni bostira olishmagan. Buning natijasida bir necha sinf xonalari va maktab binosining boshqa qismlari yonib ketgan. 

Mahalliy sud prokurori Hizer Gilmor o‘quv muassasasining 1 million funt sterlingdan ortiqroq zarar ko‘rganini ma'lum qildi. 

Mazkur hodisa yuzasidan hech kim jabr ko‘rmadi, ammo yong‘in sodir bo‘lgan kuni o‘quvchilar darssiz qolishdi. Ba'zilari esa ruhiy jarohat olishgani ta'kidlandi. Sudyaning qarori bilan yong‘in sodir etgan o‘quvchi Yoshlar markaziga 3 yillik reabilitatsiyaga yo‘llandi.

Shunisi qiziqki, sudda bolani "qobiliyatli" deb atab, uning "o‘ziga qaratilgan tanqidni juda og‘ir qabul qilishi"ni ta'kidlashgan. Prokuror yong‘in sodir etilgan vaqtda bolaning stress holatida bo‘lganini qayd etgan. 

Ushbu voqea joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan, biroq bu ish yuzasidan endigina qaror chiqarildi. Bredfordda ta'lim oluvchi o‘quvchilarning ota-onalari yosh "jinoyatchi"ning reabilitatsiya kursidan keyin ularning farzandlari bilan bir maktabda o‘qishi mumkinligidan xavotirga tushishmoqda. Biroq ekspertlar bolaning to‘liq sog‘ayganiga ishonch hosil qilinmasdan, biror bir maktabga qo‘yilmasligini ta'kidlashgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid