O‘zbekiston | 14:42 / 18.10.2016
17554
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida isitish mavsumi boshlanmoqda

2016 yilning 18 oktabr kuni Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov «Toshkent shahrida 2016-2017 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi 938-sonli qarorga imzo chekdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati ma'lum qildi.

Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekistonga sovuq havo oqimining kirib kelishi munosabati bilan aholiga qulayliklar yaratish, ijtimoiy soha obektlarida xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilash maqsadida Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik ta'minotidan foydalanuvchi iste'molchilarni issiqlik bilan ta'minlashga o‘tiladi.   

«Toshkent issiqlik elektrmarkazi», «Toshkent issiqlik markazi», «Toshissiqquvvati» IChB UKga markazlashgan issiqlik tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta'minlash uchun 18 oktabrdan Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirish vazifasi topshirilgan.    

Qarorda issiqlik ta'minoti, ijtimoiy soha obektlari rahbarlariga tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy soha obektlari, xususan, ta'lim muassasalari, kasalxona va poliklinikalarni 2016 yil 19 oktabrdan, aholi turar-joy binolarini esa 20 oktabrdan muntazam isitishga kirishishni tashkil etish topshirilgan.

Shuningdek, tegishli tashkilotlarga shaharda 2016-2017 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta'minoti va elektr energiyasini yetkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasiga ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti tizimining barqaror ishlashi uchun mutasaddi xodimlar va aholi tomonidan qoidalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid