Fan-texnika | 22:53 / 19.10.2016
7250
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudiga Samsung kompaniyasi ustidan jamoaviy shikoyat arizasi kelib tushdi

Foto: REUTERS

AQSh sudiga Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi ustidan jamoaviy shikoyat arizasi kelib tushdi, bunga kompaniyaning Galaxy Note 7 smartfonlari sabab bo‘ldi. The Wall Street Journal shu haqida ma'lum qildi

Shikoyat arizasi 16 oktabr kuni Nyu-Jyersi federal sudiga kelib tushgan. Unda smartfonlarning "muammoli" qaytarilishi amerikalik xaridorlarga millionlab dollarga tushgani ta'kidlangan. 

Manbaga ko‘ra, mijozlar Samsung maslahatiga amal qilib, Galaxy Note 7 smartfonlaridan foydalanishni to‘xtatishgan, biroq ma'lum bo‘lishicha, kompaniyaning bu qurilmalarni almashtirib berishga munosib smartfonlari bo‘lmagan. Hujjatda qayd qilinishicha, xaridorlarga bir necha kun va hattoki hafta kutishga to‘g‘ri kelishi aytilgan.

Arizada Samsung tomonidan taklif etilgan kredit borasida hech narsa deyilmagan. 

Samsung Electronics America matbuot kotibi bunga izoh berishdan bosh tortdi. 

Bundan avval dunyo aeroportlarida Samsung kompaniyasining Galaxy Note 7'ni almashtirish punktlari ochilayotgani haqida xabar berilgandi. 

 

Mavzuga oid