Sport | 10:12 / 27.10.2016
6567
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada MMA qoidalari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish taqiqlandi

Foto: diario4v.com

Fransiyada MMA qoidalari bo‘yicha janglar o‘tkazish taqiqlandi, deya xabar qilmoqda Sky Sports telekanali.

26 oktabr kuni Fransiya sport vazirligi yakka kurashlar bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishga doir yangi qoidalar majmuini e'lon qildi. Unda, MMA alohida sport sifatida qayd etilmagan. Sport ma'muriyati janglarni gilamda yoki uch yoxud to‘rtta arqon tortilib o‘ralgan ringda o‘tkazishga ruxsat bergan. Maydon burchaklari himoyalangan bo‘lishi kerak. Sport vazirligi, shuningdek, maydonda yotgan raqibga tizza bilan zarba berish; tirsak va bosh bilan qorin pastiga, umurtqa qismiga, tomoq va ensaga zarba berish; barmoq bilan ko‘z, og‘iz yoki burunga hujum qilish; sochni tortish; raqibni bosh yoki bo‘yni bilan qasddan tashlab yuborish; raqibni ringdan tashqari irg‘itib yuborishni taqiqladi. 

Bunga javoban, MMA Fransiya komissiyasi (CFMMA) prezidenti Bertran Amussu sudga murojaat qilishini bildirgan. «Vazirlik bizni axmoq qilayapti. Yevropada Fransiya va Norvegiyadan tashqari barcha mamlakatlar MMA qoidalarini tan olgan. Men bungacha bormasligiga umid qilgandim. Biroq, biz sudga arz qilamiz», — degan Amussu L'Express nashriga.

MMA — bu o‘zida boks, kikboksing, jiu-jitsu, karate va muay-tay usullarini aks ettiruvchi jangovar qoidalar to‘plami.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid