Jahon | 14:24 / 06.11.2016
4773
2 daqiqa o‘qiladi

Tereza Mey Hindistonni Britaniyaning «tabiiy hamkori» deb atadi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Hindistonga tashrifi oldidan aytdiki, bu mamlakat Britaniyaning «tabiiy hamkori» sanaladi.

«Buyuk Britaniya va Hindiston — tabiiy hamkorlar. Biri eng ko‘hna demokratiya bo‘lsa, ikkinchisi dunyodagi eng yirik demokratiya», — deya uning so‘zlarini keltirgan Bloomberg.

Mey xonimning aytishicha, Hindiston bilan hamkorlikning istiqbollari porloqdir.

«Bu safar men bu salohiyatdan foydalanib, eski aloqalarni Britaniya uchun foydali yo‘sinda qayta jonlantirmoqchiman», — degan u.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey boshchiligidagi kichik va o‘rta biznes vakillarini o‘z ichiga olgan delegatsiya 6–8 noyabr kunlari Hindistonga tashrif buyuradi. Bosh vazir britaniyalik vazirlar bilan birga (Xalqaro savdo vaziri Liam Foks boshchiligidagi delegatsiya hamda 33ta korxona vakillari) Nyu-Dehlida  bo‘ladi. Tashrif doirasida Buyuk Britaniyada 1370ta yangi ish o‘rni tashkil qilishni o‘z ichiga oluvchi tijoriy kelishuvlar tuzish ko‘zda tutilgan.

Bu safar Mey xonim uchun mamlakat bosh vaziri sifatida Yevropa qit'asidan tashqariga amalga oshiriladigan ilk tashrif bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid