Jahon | 15:17 / 09.11.2016
6617
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lishga va'da berdi

Foto: AP

AQShning Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp Oq uy rahbarligi uchun o‘tkazilgan saylovda qozongan g‘alabasidan so‘ng, Amerika millatini birlashtirib, uni qayta tiklashga va'da berdi. 

Uzoq va murakkab saylovoldi kampaniyasidan so‘ng, «Amerikaga yetkazilgan jarohatlarni tuzatish vaqti keldi», -  degan Tramp ilk bayonotida.

«Barcha respublikachilar, demokratlar va mamlakatdagi mustaqil kishilarga qarata aytamanki: yagona xalq sifatida birlashish vaqti keldi», — deya bayonot bergan Donald Tramp o‘zining bosh qarorgohida. 

«Birgalikda ishlab, millatimizni tiklash va Amerika orzusini yangilash vazifasini uddalay olamiz», — deb qayd etgan respublikachilar nomzodi. 

«Men mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroga, barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lishga va'da beraman. Bu men uchun juda muhimdir. Meni qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qilganlarga esa, bular ozchilik emas edi, yordam so‘rab murojaat qilmoqchiman. Biz birgalikda ishlab, buyuk davlatimizni birlashtira olamiz. Biz mamlakatimiz taqdirini o‘z qo‘limizga olishimiz darkor, biz kuchli, jasur va jiddiy bo‘lishimiz kerak», —degan fikrlarni bildirgan Donald Tramp.

U shuningdek, AQShning hisobsiz salohiyatiga e'tibor qaratib, amerikaliklar undan foydalanish imkoniga ega bo‘lishlariga saylovoldi jarayonida ham bir necha bor va'da berganini ta'kidlagan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid