Jahon | 23:03 / 14.11.2016
9598
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp Xitoy bilan savdo urushlari olib borish fikridan qaytdi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Trampning Xitoy importiga 45 foizlik boj kiritilishi mumkinligi haqidagi bayonotini maqbul deb bo‘lmaydi, deb yozmoqda Xitoyda ingliz tilida chop etiluvchi Global Times nashri.

Joriy yilning iyulida Tramp uning iqtisodiy siyosati "barcha savdo qoidabuzarliklarini, jumladan qalloblik qilayotgan istalgan davlatga soliq kiritib jazolashini" aytgan. Tramp shuningdek "Xitoy tomonidan intellektual mulkning o‘g‘irlanishi, noqonuniy bosim o‘tkazish va valyuta bilan vayronakor harakatlarni" to‘xtatishini qo‘shimcha qilgan. 

O‘z navbatida Xitoy tomoni Trampga qarshi javob choralari bilan, jumladan Xitoy Boeing samolyotlariga barcha buyurtmalarni bekor qilib, ularni Airbus bilan almashtirish, Xitoyda iPhone sotilishini qisqartirish bilan tahdid qilgan. Bundan tashqari, Xitoy hukumati AQShda ta'lim oluvchi xitoylik talabalarning sonini kamaytirishi mumkinligini aytgan.

Ta'kidlanishicha, Xitoyga bunday "hujum" Barak Obama tomonidan ham qilingan: u Xitoy shinalariga 35 foizlik import tarifi kiritilishini e'lon qilgach, Xitoy bunga javoban AQShda ishlab chiqarilgan tovuq va avtomobillarga bojlar kiritgan. Oqibatda ikki tomon ham ziyon ko‘rgan va Obama ma'muriyati boshqa bunday qadamlarni amalga oshirmagan.

Xitoy nashrining ta'kidlashicha, Tramp saylovlardan keyin Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlik borasida ohangini pasaytirgan.

Mutaxassislarning fikricha, agar Tramp Xitoy importiga boj kiritsa, unda bu Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdoni butunlay falajlaydi. Shu sababli, ularning fikricha, Tramp Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo aloqalariga putur yetkazmaydi. 

 

Mavzuga oid