Jahon | 13:20 / 14.11.2016
28941
3 daqiqa o‘qiladi

Obama AQSh prezidenti sifatida oxirgi yirik turnesini boshlamoqda

Foto: © AP

Prezidentlik muddati 2017 yil yanvarda yakuniga yetadigan AQSh prezidenti Barak Obama 14 noyabrda prezident sifatida o‘zining oxirgi yirik turnesini boshlaydi. Obama 14 noyabrdan 20 noyabrgacha bo‘lgan davr ichida Gretsiya, Germaniya va Peruga tashrif buyuradi.    

Obamaning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ben Rodsning aytishicha, dastavval prezident faqatgina Peruga – Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitiga borishi rejalashtirgandi.  

"Biz yaqin ittifoqdoshlarimiz va prezidentning 8 yil davomidagi eng yaqin hamkorlari bo‘lgan davlatlar bilan birdamligimizni ko‘rsatish uchun Yevropaga tashriflarni qo‘shdik", deb aytdi Rods. 

Uning aytishicha, Obama "AQSh milliy xavfsizligi uchun zarur bo‘lgan kuchli va yagona Yevropaga qo‘llab-quvvatlov bildirmoqchi".

Obama turnesini Gretsiyaga safardan boshlaydi. U Afinaga 15 noyabrda yetib keladi. Bu safar Obama uchun o‘zgacha safar bo‘ladi: bir tomondan, u Gretsiyaga ilk marotaba tashrif buyurmoqda, boshqa tomondan, bu safar uning bu mamlakatga oxirgi safari ham bo‘ladi. 

Oq uyda ta'kidlanishicha, Obama Gretsiyaga kelishi bilanoq mamlakat prezidenti  Prokopis Pavlopulos bilan qisqacha suhbatlashib o‘tadi, so‘ngra mamlakat bosh vaziri Aleksis Tsipras bilan muzokaralar o‘tkazadi. Kechki payt esa davlat kechki ovqati rejalashtirilgan. 

Obama keyingi kun Gretsiyadagi eng diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lgan qadimiy Parfenonga tashrif buyuradi.

Obama 16 noyabrda Germaniyaga yo‘l oladi va bu yerda nafaqat Angel Merkel bilan, balki Yevropaning boshqa bir qator davlatlari yetakchilari bilan ham uchrashadi. Rodsning aytishicha, tomonlar "Vashington Yevropa bilan birga harakat qiladigan barcha masalalar – IShIDga qarshi kurash, migratsiya inqirozi, ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik, Suriya bo‘yicha keyingi qadamlar, Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha maslahatlashadilar.

17 noyabrda Obama va Merkel ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, so‘ngra matbuot-anjumani beradilar. So‘ngra kansler Obama sharafiga uyushtiradigan tushlik bo‘lib o‘tadi.

Obama turnesining oxirgi bandi uning Peruga tashrifi bo‘ladi. Bu yerda 20 noyabrda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti bo‘lib o‘tadi. 19 noyabrda esa Obama shu yerda Xitoy raisi Si Tszinpin va Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Obama 20 noyabrda ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi belgilangan, biroq Oq uy bu haqda ma'lumot bermagan.

Kutilishicha, barcha muzokaralar davomida Transtinch okeani hamkorligi muhokama qilinadi.
 

Mavzuga oid