Jamiyat | 22:13 / 15.11.2016
40478
3 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘il o‘z onasidan xotini sabab ranjidi, shunda Alloh undan ranjidi

Keksa ayol o‘g‘li va kelini bilan bir hovlida yashar edi. Bir kuni o‘g‘il ishdan kelsa, xotinning avzoyi buzuq. Buning sababini so‘ragan edi, onasining ustidan shikoyat qilib, anchagina yomon gaplarni gapirdi. O‘g‘il bunday so‘zlarni ko‘p eshitgan bo‘lsa-da, bu safar toqat qila olmadi. Biroq jahli chiqqanini bildirmasdan onasiga bir joyga borib kelamiz, deb aytdi. Ular tog‘lik tomonlarga yetib kelishganlarida o‘g‘il:

- Ey ona! Sabrim tugadi. Agar xotinimga qilayotgan muomalangizni o‘zgartirmasangiz, sizni shu tog‘dan tashlab yuboraman! - dedi.

Bechora ona chorasiz qolganidan o‘g‘liga iltimos qildi: 

- Mayli, o‘g‘lim. O‘zing bilasan. Faqat ruxsat bersang, ikki rakat namoz o‘qib olsam, - dedi.

O‘g‘il ruxsat berdi. Ona namozni o‘qib bo‘lishi bilanoq yer yorilib, o‘g‘ilni bo‘ynigacha yutib yubordi. Bu holni ko‘rgan ona o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va bor ovozi bilan qichqirdi. Uning qichqirig‘ini pastdan o‘tib ketayotganlar eshitib, bolani yerdan chiqarib olish uchun darhol yordamga kelishdi. Lekin barcha urinishlari befoyda bo‘ldi. Oxiri ular bir olimni voqea joyiga chaqirib kelishdi. Olim holatni ko‘rgach, onaga: 

- Bu oq bo‘lishning jazosi. Siz toki o‘g‘lingizdan rozi bo‘lmas ekansiz, hech kim o‘g‘lingizni qutqara olmaydi, - dedi. 

Ona darhol qo‘llarini duoga ochib, o‘g‘lini bu azobdan qutqarishini so‘rab duo qildi va o‘z roziligini izhor qildi. Allohning izni bilan yer yumshab, o‘g‘il tashqariga chiqdi, ammo endi uning oyoq-qo‘llari ishlamas edi. Natijada u birovning yordamisiz hech narsa yeya olmaydigan va icha olmaydigan bo‘lib qoldi. Eng qizig‘i boshqalarning qo‘lidan tanovul qilsa qoniqmas, faqat onasi yedirib-ichirib qo‘ysagina qanoat qila olar edi. Shuncha nobakorligidan so‘ng ham uning onasi hech og‘rinmasdan, beminnat uning xizmatini qilar edi.

Bu rivoyat ibrat uchun yorqin misol bo‘ladi. Achinarlisi shundaki, xotinining yo‘liga kirib onasini tog‘dan tashlab yubormasa ham, har holda qattiq ranjitadiganlar oramizda yo‘q emas. Ha, azizlar, ota va ona biz uchun ko‘milishga tayyor turgan xazina deganlar. Ularning hayot ekanligi biz uchun bebaho g‘animatdir.

 

Mavzuga oid